Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 3 trillion iyenа (19 milliard dollardan ortiq) sarmoya kiritishga tayyor. Bu haqda Yaponiya Bosh vaziri Sanaye Takaichi 20 dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan birinchi «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitidan so‘ng ma’lum qildi.
«Iqtisodiy munosabatlarimizning kelajagiga bo‘lgan yuqori umidlarni inobatga olgan holda, biz keyingi besh yil ichida [Markaziy Osiyo mamlakatlarida] taxminan 3 trillion iyenаga teng xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish maqsadini qo‘ydik», — deya uning so‘zlarini keltiradi Takaichi matbuot xizmati.
Yaponiya Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo geosiyosat, iqtisodiy xavfsizlik va biznes hamkorligida strategik ahamiyat va yuqori salohiyatga ega. Sammitdan so‘ng 150 dan ortiq davlat va xususiy sektor hujjatlari imzolandi, «CA+JAD Tokio tashabbusi» (Central Asia + Japan Advanced Dialogue) ishga tushirildi va Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.
Kelajakda Yaponiya uchta ustuvor yo‘nalishda o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari suradi: yashil barqarorlik, transport aloqasi va inson resurslarini rivojlantirish.
«Jumladan, biz Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini o‘z ichiga olgan global ta’minot zanjirlarining uzluksiz ishlashini qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyo-Yaponiya sun’iy intellekt hamkorligi orqali sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash niyatimizni bildirdik», — dedi Takaichi.
Markaziy Osiyo energiya va mineral resurslarga boy ekanini ta’kidlab, Bosh vazir Yaponiya global ta’minotni diversifikatsiya qilish uchun muhim minerallar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish niyatida ekanini aytdi.
«Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etdi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Yaponiya mamlakat iqtisodiyotida asosiy investor ekanini, investitsiyalari 8,5 milliard dollardan oshganini ta’kidladi. Yaponiyaga tashrifi davomida 3,7 milliard dollardan ortiq qiymatdagi 60 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. To‘qayev Qozog‘istonning yapon investorlari uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi va yadroviy va yashil energiya, noyob yer metallari, logistika va raqamli texnologiyalarni istiqbolli sohalar sifatida belgiladi. U Sun’iy intellekt bo‘yicha Tokio tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va Astana Hub texnoparki va Alem.ai xalqaro markazida mintaqaviy sun’iy intellekt platformasini joylashtirishni taklif qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Yaponiya taklif qilingan ustuvor yo‘nalishlarni: ekologik barqarorlik, kommunikatsiyalar va inson potensiali taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi. Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari uchun alohida xavf tug‘dirishini ta’kidlab, u tabiiy ofatlar haqida mintaqaviy erta ogohlantirish tizimini yaratish va qo‘shma suv resurslari dasturlarini ishlab chiqishni taklif qildi. Japarov shuningdek, «Qambarota-1» gidroelektrostansiyasi loyihasining mamlakat uchun strategik ahamiyatini ta’kidladi va Yaponiyaning qayta tiklanadigan energiya texnologiyalariga qiziqish bildirdi. Shuningdek, u Qirg‘izistonning Yevrosiyo uchun logistika markazi sifatidagi salohiyatini ta’kidladi va Yuqori texnologiyalar parki doirasida raqamli loyihalarni rivojlantirishini e’lon qildi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Yaponiya hukumatiga iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab oluvchi loyihalarni amalga oshirishda uzoq vaqtdan beri ko‘rsatib kelayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. U mamlakatning «yashil» iqtisodiyot va gidroenergetika sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi va bu sohalarni ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatdi. Rahmon iqlim o‘zgarishiga e’tibor qaratdi va Tojikistonning suv diplomatiyasini rivojlantirishdagi yetakchiligini ta’kidladi. U barcha manfaatdor davlatlarni 2026 yil may oyida bo‘lib o‘tadigan «Dushanbedagi suv jarayoni» doirasida yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi. Prezident shuningdek, Tojikistonning Yaponiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida sun’iy intellektning roli to‘g‘risida»gi BMT rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusini eslatdi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Tokio sammiti Markaziy Osiyoning Yaponiya bilan munosabatlar arxitekturasida burilish nuqtasi bo‘lganini ta’kidladi. U sammitlarni muntazam o‘tkazishga tayyorligini bildirdi va iqtisodiy hamkorlikning, ayniqsa energetika, transport va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi muhimligini ta’kidladi. Turkmaniston yirik sanoat va energetika loyihalarini amalga oshirishda Itochu, Mitsubishi, Kawasaki, Sumitomo, Toyo, Sojitz, Komatsu va Toyota bilan faol hamkorlik qilmoqda. Berdimuhamedov ustuvor yo‘nalishlari qatorida iqtisodiyotning «yashil transformatsiyasi», metan chiqindilarini kamaytirish, vodorod texnologiyalarini rivojlantirish va mintaqaviy iqlim texnologiyalari markazini yaratishni ta’kidladi. Chegaralararo aloqa haqida gapirar ekan, Berdimuhamedov Turkmanboshi xalqaro dengiz porti, Turkmanistonni qo‘shni davlatlar bilan bog‘laydigan yangi aeroportlar, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llarining ahamiyatini ta’kidladi. U «Markaziy Osiyo-Yaponiya» yoshlar forumi va «Markaziy Osiyo va Yaponiya ayollari muloqoti» platformasini tashkil etishni, shuningdek 2028 yilni BMT shafeligida xalqaro huquq yili deb e’lon qilinishini taklif qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yigirma yildan ko‘proq vaqt oldin «Markaziy Osiyo plyus» muloqotini Yaponiya boshlaganini eslatdi. U har ikki yilda bir marta, jumladan, Toshkentda ham ushbu formatda yetakchilar uchrashuvlarini o‘tkazishni taklif qildi. Mirziyoyev barqaror rivojlanish uchun mintaqaning tabiiy va inson resurslarini yapon texnologiyalari bilan birlashtirish orqali hamkorlikni yangi strategik darajaga ko‘tarishga chaqirdi.
O‘zbekiston rahbari tashabbuslarni ilgari surdi:
▪️ «Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040 hamkorlik strategiyasi»ni ishlab chiqish;
▪️ yetakchi tahliliy institutlarning ekspertlar forumini o‘tkazish;
▪️ mintaqada infratuzilma va sanoatni rivojlantirish uchun investitsiya fondini yaratish;
▪️ Markaziy Osiyoda Yaponiya texnologik parklari tarmog‘ini yaratish;
▪️ sun’iy intellekt, narsalar interneti, kiberxavfsizlik va transport tizimlarini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar uchun «Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli markazini yaratish.
«Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammiti doirasida biznes forumi. japan.kantei.go.jp sayti fotosurati
Mirziyoyevning boshqa takliflari qatoridan Toshkentda Qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha mintaqaviy ta’lim markazini ochish, shuningdek, havo sifatini yaxshilash dasturi va iqlim bo‘yicha harakatlar rejasini amalga oshirish joy oldi.
O‘zbekiston prezidenti yuqori tezlikdagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini qurish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish kabi loyihalar uchun mintaqaga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlar yordamini jalb qilishga qiziqish bildirdi.
Keyingi «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammiti Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi.



