Qozog‘iston shimolidagi shahar kafesida sodir bo‘lgan portlash oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi

Videodan skrinshot

26 fevral kuni kechqurun Qozog‘iston shimolida joylashgan Shuchinsk shahridagi «TSentr plova» kafesida portlash yuz bergan. Besh qavatli turar-joy binosining qo‘shimcha binosida gaz portlashi natijasida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar beradi Kursiv.kz.

Natijada yetti kishi halok bo‘lgan va taxminan 20 kishi jarohat olgan. Yaradorlardan besh nafari vertolyotda viloyat kasalxonasiga yetkazilgan. Halok bo‘lganlar orasida 16 yoshli qiz ham bo‘lgan.

Aqmola viloyati hokimiyati matbuot xizmati Tengrinews.kz nashriga fojia oqibatida muassasaning olti xodimi halok bo‘lganini ma'lum qilgan. Halok bo‘lgan 16 yoshli qiz haqidagi ma'lumotlar aniqlanmoqda; mahalliy hokimiyat uning kafeda ishlaganmi yoki yo‘qmi tekshirmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, qiz kafeda ishlaydigan onasi bilan birga bo‘lgan. Hokimiyat qizning onasi tirik ekanini tasdiqlagan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar yonayotgan kafedan beshta 50 litrli gaz balloni va ikkita kislorod ballonini tashqariga olib chiqib, bino ichida keyingi portlashlarning oldini olishgan. Hodisaning sababi va holatlari tekshirilmoqda.

Portlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 292-moddasi 3-qismi (Ehtiyotsizlik tufayli ikki yoki undan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi talablarini buzish) bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.