Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) delegatsiyasi, jumladan, taniqli vengriyalik suzuvchi va Olimpiya chempioni Daniel Dyurta O‘zbekiston Islom svilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida delegatsiya a'zolari Islomdan avvalgi davr bo‘limida joylashdan shaxmat donachalari, Amir Temur shaxmati, Temur tuzuklari kabi eksponatlar mazmun-mohiyati, ularning davr va makon bilan bog‘liq jihatlariga qiziqish bildirdi.
«Menimcha Markaz o‘tmish bilan kelajak o‘rtasida o‘ziga xos bir ko‘prik bo‘la oladi. Shu jihatdan u yoshlar uchun nihoyatda foydali va qiziqarli. Chunki yoshlar bu muzeyning shunchaki tomoshabini emas, balki uning bir qismi bo‘lishi, jarayonlarda faol ishtirok etishi mumkin. Bu esa yosh avlod uchun juda muhim. O‘zbekiston sport sohasiga juda katta e'tibor qaratmoqda va salmoqli sarmoya kiritmoqda. Bir necha hafta avval bu yerda Olimpiya qo‘mitasining Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi va u juda muvaffaqiyatli tashkil etildi. Shuningdek, sport uchun zamonaviy infratuzilma va inshootlarga katta mablag‘ yo‘naltirilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Aminmanki, bunday e'tibor va sa'y-harakatlar natijasida yutuqlar yildan-yilga yanada oshib boradi», — dedi Dyurta.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



