Islom sivilizatsiyasi markazi tasavvufga oid asarlarni nashr etishga hozirlik ko'rmoqda

Nodir asarlar. ITSM matbuot markazi fotosurati

O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Mavorounnahrning so'fiylik merosiga oid uchta nodir asarni nashrga tayyorlamoqda, deb xabar beradi markaz matbuot xizmati.

Gap Shayx Najmiddin Kubroning «Mezon ul-aqoid», Shayx Xovand Tohurning «Rayhoniya», Mavlono Ya'qub Charxiyning «Risolai abdoliya» risolalari haqida bormoqda.

Kubraviya tariqatining asoschisi Shayx Najmiddin Kubro qalamiga mansub «Mezon ul-aqoid» asari insonning ichki kamoloti va axloqiy tarbiyasiga bag'ishlangan. Unda komil shaxsni shakllantiruvchi o'nta sifat: tavba, zuhd, tavakkul, qanoat, uzlat, zikr, sabr, tavajjuh, muroqaba va rizo haqida so'z boradi.

Shayx Xovand Tohurning «Rayhoniya risolasi» XII–XIII asrlarda Movarounnahr hududida shakllangan tasavvuf maktablarini o'rganish uchun muhim manba hisoblanadi. Unda shariat va tariqat o'rtasidagi munosabat, zikr va xirqaning ramziy ma'nosi, samo' va karomat tushunchalari hamda ilohiy muhabbat va ishq falsafasi o'rganiladi.

Mavlono Ya'qub Charxiy tomonidan yozilgan «Risolai abdoliya» Naqshbandiya ta'limotining muhim manbalaridan biri hisoblanadi. Asarda Bahouddin Naqshband va uning shogirdlari faoliyati, ularning ma'naviy maqomlari hamda ruhiy kamolot yo'li haqida ma'lumotlar keltirilgan.

Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Xusrav Hamidovning ta'kidlashicha, ko'p asrlar davomida mazkur asarlar qo'lyozma shaklida saqlanib kelgan bo'lib, ularning ayrim nusxalari dunyo kutubxonalari va arxivlarida tarqoq holda mavjud.

U bugungi kunda yoshlar ongi uchun turli mafkuraviy ta'sirlar kuchayib borayotgan sharoitda ushbu asarlardagi ma'rifatparvarlik, insonparvarlik va ma'naviy poklanish g'oyalari jamiyat barqarorligi va ma'naviy xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etishini qo'shimcha qiladi.

«Mazkur ishlar Markazning muzey, kutubxona, arxiv, ilmiy tadqiqot va ta'lim yo'nalishlarini birlashtirgan yagona kontseptsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda», — deydi olim.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy merosni saqlash, balki uni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan uyg'unlashtirishga qaratilgan ulkan xalqaro ilmiy-ma'rifiy platforma sifatida dunyo fondlarida saqlanayotgan qo'lyozmalarni izlab topish, ularning ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, tarjima va sharhlar yaratish, akademik nashrlarni amalga oshirish, keng jamoatchilik uchun ommabop talqinlarni tayyorlash bilan shug'ullanadi. Markaz ta'kidlanishicha, mutafakkirlarning O'zbekiston tarixiga oid ko'plab asarlari jahon kutubxonalari va arxivlarida saqlanmoqda. Bu boradagi ishlar O'zbekiston prezidentining mamlakat va xorijiy fondlarda saqlanayotgan nodir manbalarni tarjima qilish, tadqiq etish va ommalashtirish vazifalarini belgilab beruvchi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to'rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o'rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur'on zali, 460 o'rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo'lib, ko'rgazmalar O'zbekistonning islomgacha bo'lgan davrdan to hozirgi kungacha bo'lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o'rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko'zda tutilgan.

  • Nima uchun Oʻzbеkiston yana bir bor gaz taqchilligiga duch kеlgani va yana bir bor yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini chеklagani haqida

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Toshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda