Ispaniya — futbol bo‘yicha jahon chempioni. Markaziy Osiyo OAVlari qanday munosabat bildirdi

Ispaniya terma jamoasi. REUTERS — Hannah McKay fotosurati

Futbol bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta jahon chempioni bo‘ldi. Turnir finalida Luis de la Fuente boshchiligidagi jamoa amaldagi chempion — Argentina terma jamoasini mag‘lub etdi. Asosiy vaqtda gol kiritilmadi, 106-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan Ferran Torres yagona golni urdi. Bu paytga kelib argentinaliklar Enso Fernandes qizil kartochka olgani sababli o‘n kishi bo‘lib o‘ynayotgan edi.

Markaziy Osiyo OAVlari final uchrashuvini turlicha yoritdi: ayrimlari Ispaniyaning statistik ustunligiga e’tibor qaratgan bo‘lsa, boshqalari g‘olib jamoaning mahalliy futbol bilan bog‘liq jihatlarini izladi, ekspertlar fikrlarini to‘pladi yoki mutaxassislar ishtirokida maxsus studiya efirlarini tashkil qildi.

O‘zbekiston

O‘zbekiston uchun 2026 yilgi jahon chempionati alohida ahamiyatga ega. Milliy terma jamoa ilk bor jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etdi va erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida Markaziy Osiyoning birinchi vakiliga aylandi. Jamoa guruh bosqichida ishtirokini yakunlagan bo‘lsa-da, ushbu debyut o‘zbek sporti uchun yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Shu bois mahalliy OAVlarning turnirga bo‘lgan qiziqishi final uchrashuviga qadar saqlanib qoldi.

Championat.Asia final bahsining batafsil matnli translyatsiyasini olib bordi. Nashr Ispaniya bosimining tobora kuchayib borganini va de la Fuentening qarorlarini alohida qayd etdi — uning zaxiradan maydonga tushirgan futbolchilari yakunda o‘z samarasini berdi. Boshqa bir maqolada nashr Ispaniya XXI asrda jahon chempionatini ikki marta qo‘lga kiritgan yagona terma jamoaga aylanganiga e’tibor qaratdi.

Kun.uz tahririyati esa uchrashuvga yanada keskinroq baho berdi: nashr finalni amalda bir tomonlama o‘tgan bahs deb atadi. Ispaniya 20 marta zarba bergan, shundan 12 tasi darvoza tomon aniq yo‘llangan, Argentina esa 120 daqiqa davomida Unay Simon himoya qilgan darvozaga biror marta ham aniq zarba bera olmagan. Nashr, shuningdek, taqdirlash marosimi, Lionel Messining ko‘z yoshlari va final hushtagi yangraganidan keyingi to‘polonni ham batafsil yoritdi.

Qozog‘iston

Qozog‘istonning Sports.kz nashri izoh olish uchun Qozog‘iston klublarida to‘p surgan sobiq futbolchi va Shimkentdagi futbol akademiyasi rahbari Yelmar Nabiyevga murojaat qildi. U finalning birinchi bo‘limini Hojimukon Munaytpasov nomidagi Markaziy stadionda muxlislar bilan birga katta ekran orqali tomosha qildi. Nabiyevning bahosiga ko‘ra, ishtirok etganlarning taxminan 90 foizi Ispaniyani qo‘llab-quvvatlagan. Mutaxassis ispanlarning g‘alabasi munosib ekanini ta’kidlab, finalni «bir darvoza tomon o‘yin» deb baholadi.

Kazinform agentligi esa yangi jahon chempionlarining Qozog‘iston bilan bog‘liq jihatini aniqladi. 2019 yilda Dani Olmo, Ferran Torres va Mark Kukurelya ishtirok etgan Ispaniya yoshlar terma jamoasi Ostonada Qozog‘iston jamoasini katta qiyinchilik bilan 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Yagona golni penaltidan Olmo urgan, Torres esa aynan shu uchrashuvda Ispaniya yoshlar terma jamoasi safidagi debyutini o‘tkazgan. Jamoaga o‘sha paytda keyinchalik asosiy terma jamoani Yevropa chempionati va 2026 yilgi jahon chempionati g‘alabalariga olib kelgan Luis de la Fuente murabbiylik qilgan.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonning Kaktus.media nashri Ispaniyaning g‘alabasini 16 yildan so‘ng jahon futboli cho‘qqisiga qaytishi sifatida baholadi. Tahririyat final oldidan jamoa ketma-ket 37 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘lmaganini, Argentina ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng bu seriya 38 ta o‘yinga yetganini eslatdi. Shuningdek, argentinaliklar ikkinchi marta ketma-ket jahon chempionligini qo‘lga kirita olmagani, ammo ikki bor ketma-ket finalga chiqishning o‘zi ham ulkan natija ekani qayd etildi.

Uchrashuvdan oldin Kaktus.media qirg‘izistonlik muxlislar finalni qayerda tomosha qilishlari mumkinligini batafsil yoritdi. Turnirni namoyish qilish huquqini NTRK qo‘lga kiritgan, Bishkek shahridagi Ala-Too maydonida esa katta ekran va konsert dasturi bilan rasmiy fan-zona tashkil etilgan edi.

Tojikiston

Tojikistonning Sports.tj portali finaldan avvalyoq Ispaniyani favorit deb atagan edi. Nashr jamoaning barqarorligi, maydon markazini nazorat qilishi, yuqori intensivlikdagi pressing va ishonchli himoya chizig‘ini alohida ta’kidladi. Ispaniya to‘p nazoratini o‘z qo‘liga olishi, Argentina esa ikkinchi raqamda harakat qilishi, uchrashuv taqdirini esa bitta epizod hal qilishi taxmin qilingandi. Uchrashuv ssenariysi deyarli shu tarzda kechdi, garchi Sports.tj Ispaniyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasini kutgan edi.

Tojikistonda tug‘ilgan mashhur rossiyalik murabbiy Rashid Rahimov Ispaniyaga muxlislik qilishini aytgan, chunki unga ushbu jamoaning o‘yin uslubi yoqadi. Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, Kabo-Verde bilan durangdan so‘ng ko‘pchilik ispanlarni erta hisobdan chiqargan, ammo u jamoa va Lamin Yamal chempionat davomida kuchayib borishiga ishongan. Yakunda bu bashorat o‘zini oqladi.

Turkmaniston

Turkmanistonning Turkmenportal nashri finalning asosiy voqealarini batafsil yoritdi: Torresning goli, Fernandesning maydondan chetlatilishi va Ispaniyaning ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lgani haqida ma’lumot berdi. Nashr ispanlarning finallardagi 100 foizlik natijasiga alohida e’tibor qaratdi: terma jamoa jahon chempionati hal qiluvchi bahsiga ikki marta chiqqan va har ikki safar g‘alaba qozongan. Qo‘lga kiritilgan sovrinlar soni bo‘yicha Ispaniya endi Fransiya va Urugvay bilan tenglashdi.

Final Turkmaniston mediamaydonida ham sezilarli aks sado berdi. Turkmenportal xabar qilishicha, milliy Belet platformasi uchrashuv oldidan o‘z studiyasidan maxsus to‘g‘ridan to‘g‘ri efirni birinchi marta tashkil qildi. Taklif etilgan ekspertlar va sharhlovchilar finalchilarning turnir yo‘li, jamoalar taktikasi haqida tahlillar o‘tkazib, o‘z prognozlari bilan o‘rtoqlashdilar.