Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatiga qarashli Ko‘chkor-Ota shahrida neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) quriladi. Bu haqda respublika hukumati xabar qildi.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi hamda Xitoy–Qirg‘iziston qo‘shma korxonasi — «Markaziy Osiyo energetikasi» MCHJ o‘rtasidagi investitsiya kelishuvi 20 iyul kuni imzolandi.
Zavodda K-5 va K-6 ekologik standartlariga javob beradigan benzin, dizel yoqilg‘isi, bitum hamda motor moylari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaviy quvvati yiliga 450 ming tonna neft mahsulotini tashkil etadi. Investitsiyalar hajmi 25 million AQSH dollariga baholanmoqda.
Loyiha doirasida taxminan 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Iqtisodiyot vazirligi korxona xodimlarining kamida 90 foizi Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat bo‘lishini ta’kidladi.
Zavodni joriy yil kuzida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Chet el kapitali ishtirokidagi «Markaziy Osiyo energetikasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati 2025 yil 8 iyul kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Korxonaga xitoylik Shao Peypey rahbarlik qiladi.
Hozirgi vaqtda Qirg‘izistonga yonilg‘i-moylash materiallarining asosiy yetkazib beruvchisi Rossiya hisoblanadi. Mamlakatda yillik iste’mol hajmi taxminan 1,6 million tonnani tashkil etadi va yonilg‘ining 90–95 foizi Rossiyadan import qilinadi. Benzin bo‘yicha esa Rossiya ulushi deyarli 100 foizga yetadi. Biroq, Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari oqibatida neftni qayta ishlash hajmlari qisqardi va Rossiya ichki bozorida uzilishlar yuzaga keldi. Iyun oyida Rossiya benzinining Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga yetkazib berilishi may oyiga nisbatan 34 foizga kamaydi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston hukumati mamlakatdan yonilg‘i olib chiqishni to‘liq taqiqladi va yonilg‘i-moylash materiallari uchun yangi yetkazib beruvchilarni izlashga kirishdi. Hukumat Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonga tegishli murojaatlar yubordi. Shu bilan birga, Bishkek neft mahsulotlarini avtomobil transporti orqali import qilish tartibini ham soddalashtirdi.



