Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari: yonilg‘i-moylash materiallari zaxirasi sentyabrgacha yetadi, Xitoy va Belarusdan yetkazib berish boshlandi

Daniyar Amangeldiyev. Videodan kadr

Qirg‘izistonda yonilg‘i-moylash materiallari (YOMM) zaxirasi kamida yana bir yarim oyga, ya’ni sentyabrgacha yetadi. Bu haqda respublika Vazirlar Mahkamasi raisi birinchi o‘rinbosari Daniyar Amangeldiyev 22 iyul kuni 24.kg nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan YOMM yetkazib berish bilan bog‘liq inqiroz kuchaygan paytda Qirg‘izistondagi yonilg‘i zaxirasi ikki-uch haftagagina yetadigan tanqidiy darajagacha kamaygan. Biroq, hukumat vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni paytda mamlakat hukamti kamida ikki yarim oylik yonilg‘i zaxirasini shakllantirish vazifasini hal etmoqda.

Qirg‘izistondagi YOMM taqchilligi geosiyosiy voqealar hamda Ukraina tomonidan Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan zarbalar bilan bog‘liq. Mamlakatda bir yillik YOMM iste’moli taxminan 1,6 million tonnani tashkil etadi. Shundan 90–95 foizi Rossiyadan import qilinadi, benzin bo‘yicha esa Rossiyaning ulushi deyarli 100 foizga yetadi.

«Hukumat vakillari muzokaralar o‘tkazish uchun bir necha bor Rossiyaga borishdi. Moskva yaqin bir-ikki oy davomida vaziyat murakkabligicha qolishini ma’lum qildi, biroq keyinchalik o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishini tasdiqladi», — dedi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari.

Qirg‘iziston hukumati mamlakatdan yonilg‘ini olib chiqishga to‘liq taqiq joriy etdi, neft mahsulotlarini avtomobil transporti orqali import qilish tartibini soddalashtirdi hamda qo‘shimcha yetkazib beruvchilarni izlashga kirishdi. Bishkek Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonga murojaat yo‘lladi. Amangeldiyevning aytishicha, Belarus bilan shartnomalar imzolangan va ushbu mamlakatdan YOMMning ilk partiyalari allaqachon Qirg‘izistonga yetib kelgan. O‘zbekiston bilan muzokaralar davom etmoqda, Qozog‘iston bilan esa mazut yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Shuningdek, Xitoydan ham dastlabki hajmdagi yonilg‘i yetkazib berilgan.

«Kelasi yildan boshlab Xitoy Xalq Respublikasidan yonilg‘i yetkazib berish hajmini oshirish rejalashtirilgan», — dedi amaldor.

Shu bilan birga, Amangeldiyevning ta’kidlashicha, muqobil yetkazib beruvchilardan keltirilayotgan yonilg‘i Rossiyanikiga nisbatan qimmatroqqa tushmoqda. Shunga qaramay, ichki bozorda taqchillikning oldini olish maqsadida hukumat YOMMni yuqoriroq narxlarda ham sotib olishga tayyor.

«Agar dunyoda yonilg‘ini qayerdandir xarid qilish imkoni bo‘lsa, uni narxidan qat’i nazar albatta sotib olamiz. Bozor yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlanadi», — dedi Amangeldiyev.

Uning qayd etishicha, hozirgi neft mahsulotlari narxi asossiz darajada yuqori. Davlat qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishga tushirilgan paytda bir tonna benzin taxminan 860 AQSH dollari turgan bo‘lsa, hozir ayrim shartnomalar bo‘yicha uning qiymati taxminan 1,4 ming AQSH dollariga yetgan.

Neft treyderlari yonilg‘ini yuqori narxlarda xarid qilishni davom ettirishi uchun Vazirlar Mahkamasi xarajatlarning bir qismini respublika budjeti hisobidan qoplash mexanizmini ishlab chiqqan. Hukumat har bir kelib tushayotgan partiyaning qiymatini, yetkazib berish xarajatlarini tekshiradi hamda yetkazib beruvchilar uchun ruxsat etilgan savdo ustamasini belgilaydi.

Davlat tomonidan tartibga solish, avvalo, AI-92 markidagi benzin va dizel yonilg‘isiga tatbiq etiladi. Hukumat ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar qatoriga kiritmagan AI-95 benzini bozor narxida sotiladi, biroq uning qiymati ham monopoliyaga qarshi organ tomonidan nazorat qilinadi.

«Dizel yonilg‘isi tog‘-kon sanoati, qayta ishlash tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi va jamoat transporti uchun muhim ahamiyatga ega. Uning narxi keskin oshishi boshqa tarmoqlarda ham narxlarning ko‘tarilishiga muqarrar ravishda olib keladi», — dedi Amangeldiyev.

Uning tushuntirishicha, agar davlat yonilg‘i narxlarini to‘liq erkinlashtirsa, AI-95 benzinining narxi taxminan 120 som (1,37 AQSH dollari), AI-92 benzini 114 som (1,3 AQSH dollari), dizel yonilg‘isi esa 148 som (1,7 AQSH dollari) bo‘ladi.

Kaktus.media ma’lumotlariga ko‘ra, 22 iyul holatida respublikadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-92 benzinining eng yuqori narxi 84,9 som (0,97 AQSH dollari), AI-95niki 109,9 som (1,25 AQSH dollari), dizel yonilg‘isiniki esa 98,4 som (1,12 AQSH dollari)ni tashkil etgan.