Turkiy davlatlar arxeologik yodgorliklarning yagona raqamli bazasini yaratadi

ARICA. «Anadolu» sayti fotosurati

Turkiy dunyo arxeologik tadqiqot institutlari va markazlari uyushmasi (ARICA) ishtirokchilari qo‘shma tadqiqotlarni faollashtirish va arxeologik obyektlarning yagona raqamli bazasini yaratishga kelishib oldi. Qaror tashkilotning Vengriyaning Bugas shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar berdi «Anadolu».

Yig‘ilishda Turkiy akademiya prezidenti Shohin Mustafayev, Vengriyaning «Turan» jamg‘armasi raisi Andrash Biro, shuningdek, turkiy davlatlarning arxeologiya muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

ARICA 2023 yilda Turkiy akademiya tashabbusi bilan Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tashkil etilgan. Uyushma tarkibiga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston va Rossiyaning (Tatariston) arxeologiya sohasidagi ilmiy institut va markazlari kirgan. Mustafayevning aytishicha, uch yil ichida uyushma qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro ilmiy tarmoqqa aylangan.

U asosiy ish yo‘nalishlari qatorida Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy shaharlarni, ilk turkiy davr yodgorliklarini, qadimiy sug‘orish tizimlarini, Yevroosiyo ko‘chmanchi madaniyatlarining arxeologik merosini va o‘rta asrlardagi ishlab chiqarish markazlarini o‘rganishni sanab o‘tdi.

Asosiy loyihalardan biri «Turkiy davlatlarning arxeologik obyektlari elektron atlasi» bo‘ladi. Umumiy bazaga yodgorliklarning koordinatalari, ularning xronologiyasi va ilmiy xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar, fotosuratlar va rejalar, tadqiqot natijalari hamda asosiy ilmiy nashrlarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, arxeologlar, ilmiy markazlar va ixtisoslashgan tashkilotlar o‘rtasida doimiy ma’lumot almashinuvini ta’minlashi kerak bo‘lgan ARICA raqamli axborot portalini yaratishni taklif qildi.

Vengriya bilan hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar vengr olimlarining xunnlar tarixi, Yevroosiyo dashtlari va ilk turkiy davrni o‘rganish borasidagi ishlari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.

Uchrashuv doirasida Turkiy akademiya muvofiqlashtiruvida tayyorlangan «Turkiy dunyo arxeologlari: qisqacha tarjimayi hollar» kitobi taqdim etildi. Unda turli mamlakatlardan bo‘lgan tadqiqotchilarning hayoti va ilmiy faoliyati haqida ma’lumotlar jamlangan.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazish, umumiy raqamli axborot makonini yaratish va turkiy dunyo tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida ilmiy ma’lumotlarni muntazam almashishni nazarda tutuvchi deklaratsiyani qabul qildilar.