Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi BMTning Aholishnoslik jamgʻarmasi (UNFPA) bilan hamkorlikda islom taʼlimotida ayollar huquqlari, ularning taʼlim olishi hamda jamiyat hayotidagi ishtirokiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va ilmiy konferensiya oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrmoqda, deb xabar berdi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.
Ikki loyiha konsepsiyasini Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov, UNFPA’ning Oʻzbekistondagi doimiy vakili hamda tashkilotning Tojikistondagi direktori Nigina Abaszade, shuningdek, jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Matluba Umurzoqova muhokama qildi.
Koʻrgazma «Islomda ayollar huquqlari: qadr-qimmat, bilim va adolat» deb nomlanadi. Uning ekspozitsiyasi Islom jamiyatida xotin-qizlar mavqeining tarixiy, huquqiy va maʼnaviy jihatlariga bagʻishlanadi. Ayollarning taʼlim olish huquqi, adolat tamoyillari hamda ularning ijtimoiy hayotdagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirilgan.
Ikkinchi loyiha «Islom taʼlimoti nuqtai nazaridan ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya boʻladi. Forum ishtirokchilari islom anʼanalari kontekstida xotin-qizlarning mavqei, bilim olishi va jamiyat hayotidagi ishtiroki imkoniyatlarini muhokama qiladi. Muhokamalarga diniy va madaniy meros boʻyicha olim hamda mutaxassislarni jalb etish koʻzda tutilgan.
UNFPA vakillari har ikkala tadbirning dastlabki konsepsiyalarini taqdim etdi. Tomonlar ekspozitsiya mazmuni va konferensiyaning ilmiy dasturi ustida ishlashni davom ettirish hamda tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirishga kelishib oldilar. Tadbirlar oʻtkaziladigan sanalar hozircha eʼlon qilinmagan.
Ushbu tashabbus Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil may oyida UNFPA rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvidagi kelishuvlarning davomidir. Iyun oyida davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazida «Islomda ayolning oʻrni» mavzusida xalqaro konferensiya va koʻrgazma tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekiston poytaxtida, Hazrati Imom majmuasi yonida qad rostlagan. Bino oʻrta asrlar meʼmoriy obidalari uslubida barpo etilgan boʻlib, 34 metrlik toʻrtta peshtoq va 65 metrli markaziy gumbazga ega. Bu yerda Qurʼon zali, 550 oʻrinli konferensiya zali va Oʻzbekistonning butun tarixini — islomgacha boʻlgan davrlardan to hozirgi kungacha qamrab oluvchi muzey joylashgan. ITsM ajdodlar merosini oʻrganish hamda uni Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, shuningdek, dunyo boʻylab ilmiy-maʼrifiy markazlar bilan hamkorlikda zamonaviy idrok etish maydoniga aylanishi koʻzda tutilgan.
Mavzuga oid barcha materiallar ushbu ruknda: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi.



