AQSH Qozog‘iston va O‘zbekistonni Xitoy tovarlarini reeksport qilish xavfi mavjud mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi

The Great Transshipment Scam: Rise, Scope, and Costs hisoboti muqovasi

AQSH Qozog‘iston va O‘zbekistonni Xitoy eksportchilari tomonidan tovarlarni Amerika bozoriga bojxona tariflari yukini kamaytirish maqsadida uchinchi mamlakatlar orqali yo‘naltirish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSH prezidenti ma’muriyatining Savdo va sanoat siyosati masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan tayyorlangan «Buyuk reeksport firibgarligi: ko‘lami, rivojlanishi va xarajatlari» (The Great Transshipment Scam: Rise, Scope, and Costs) hisobotida aytilgan. Hisobot 2026 yil 13 avgustda e’lon qilingan.

Hisobotda noqonuniy reeksport (illegal transshipment) muammosi ko‘rib chiqilgan. Ya’ni, Xitoy bilan bog‘liq tovarlar uchinchi mamlakatlar orqali olib o‘tiladi va bu yerda ularga tovarning kelib chiqishini o‘zgartirgandek ko‘rinish berish maqsadida oz miqdorda qayta ishlov berish, markirovka qilish, qayta qadoqlash, hisob-fakturalarni qayta rasmiylashtirish yoki boshqa o‘zgartishlar kiritilishi mumkin. Hujjatga ko‘ra, bunday sxemalardan maqsad bojxona tariflari yukini kamaytirish yoki Amerika bozoriga kirish imkoniyatini saqlab qolishdan iborat.

Hisobot mualliflari bunday yo‘naltirish xavfi yuqori bo‘lgan taxminan 40 ta mamlakat va hududni ajratib ko‘rsatgan. Bunda «China-linked goods» — Xitoy bilan bog‘liq tovarlar atamasi ostida hujjat AQSHga import qilinganda Xitoyniki sifatida deklaratsiya qilinishi shart bo‘lmagan, ammo Xitoy iqtisodiy kelib chiqishi, nazorati yoki tarkibiga ega ekanini ko‘rsatuvchi belgilari mavjud tovarlarni tushunadi. Masalan, Xitoy komponentlari, Xitoy moliyalashtirishi yoki egalari, Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan aloqalar yoki Xitoy orqali o‘tgan tashish tarixi shunday belgilar bo‘lishi mumkin.

Asosiy tasnifda barcha mamlakatlar uchta darajaga ajratilgan. Qozog‘iston va O‘zbekiston «Tier 3» — «Small, Opportunistic Chinese Targets» («kichik, Xitoy uchun opportunistik maqsadlar») deb ataluvchi uchinchi darajaga kiritilgan. Hisobotda bu toifaga ehtimoliy noqonuniy reeksportning mutlaq hajmlari nisbatan kichik bo‘lgan, ammo muayyan «zaif bo‘g‘in afzalliklari»ga (weak-link advantages) ega kichik iqtisodiyotlar kiritilgan.

Mualliflar bunday afzalliklar qatoriga ishchi kuchining arzonligi, erkin iqtisodiy zonalar, portlar yoki quruqlikdagi chegaralarga kirish imkoniyati, tovarlarni bojxona omborlarida saqlash, tor yo‘nalishlardagi yig‘ish-qurish quvvatlari, Amerika bozoriga imtiyozli kirish va bojxona nazoratining cheklangan imkoniyatlarini kiritadi. Mualliflarning fikricha, bunday xususiyatlar mamlakatlarni Xitoy bilan bog‘liq tovarlarni uchinchi davlatlar orqali yo‘naltirish uchun jozibador qilishi mumkin.

Shu bilan birga, mualliflar Tier 3 mamlakatlari eng katta noqonuniy reeksport hajmlari bilan emas, balki infratuzilma va boshqa xususiyatlar uyg‘unligi tufayli muhim ekanini ta’kidlaydi. Bu xususiyatlar ularni Xitoy bilan bog‘liq tovarlarni yo‘naltirish uchun foydali uzellarga aylantirishi mumkin. Hisobotda bunday mamlakatlar ham ishlab chiqarish, ham logistika vazifasini bajarishi mumkinligi qayd etilgan.

Qozog‘iston va O‘zbekiston, shuningdek, «Belt-and-Road Overland Nodes» — «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining «quruqlikdagi uzellari» deb ataluvchi alohida funksional toifaga ham kiritilgan. Hisobot jadvalida ushbu toifa temir yo‘l va quruqlikdagi portlar orqali tranzit, yuklarni konsolidatsiya qilish hamda yuklarni quruqlikdagi yo‘nalishlardan dengiz yo‘llariga o‘tkazish sifatida tavsiflangan. Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan bir qatorda Ozarbayjon va Gruziya ham ushbu toifaga kiritilgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Xitoy savdosi bilan bog‘liq infratuzilmadan bir vaqtning o‘zida ham qonuniy savdo, ham tovarlarni ehtimoliy noqonuniy yo‘naltirish uchun foydalanish mumkin. Bunda, xususan, portlar, temir yo‘l koridorlari, erkin iqtisodiy zonalar, sanoat parklari, bojxona nazorati ostidagi omborlar va logistika platformalari nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, AQSH bojlari joriy etilganidan keyin uchinchi mamlakatlardan yetkazib berish hajmining oshishi o‘z-o‘zidan noqonuniy reeksportni isbotlamaydi. Hisobot mualliflari savdo oqimlaridagi ayrim o‘zgarishlar ishlab chiqarishning qonuniy ravishda ko‘chirilishi va ta’minot zanjirlaridagi boshqa o‘zgarishlarni aks ettirishi mumkinligini ochiq qayd etgan. Xususan, AQSH Savdo vazirligining Savdo va iqtisodiy tahlil boshqarmasi (Commerce OTEA) uchinchi mamlakatlardan yetkazib berish hajmining o‘sishi noqonuniy reeksport bilan bog‘liq bo‘lmagan qonuniy o‘zgarishlarni ham o‘z ichiga olishini ta’kidlaydi.

Mamlakatning noqonuniy reeksport xavfi yuqori bo‘lgan hududlar ro‘yxatiga kiritilishi unga avtomatik ravishda sanksiyalar yoki qo‘shimcha bojlar joriy etilishini anglatmaydi.

Hisobotda, shuningdek, ko‘rib chiqilgan bo‘limlarda ayrim Qozog‘iston yoki O‘zbekiston kompaniyalariga nisbatan aniq ayblovlar yoki ushbu mamlakatlar hukumatlari noqonuniy reeksportni tashkil etayotgani yoki qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqlovchi dalillar keltirilmagan. Tahlilning asosiy obyekti — bunday sxemalar ishtirokchilari tomonidan foydalanilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy yo‘nalishlar, infratuzilma, ishlab chiqarish quvvatlari va savdo aloqalaridir.

Muammo ko‘lamini baholash uchun mualliflar beshta mustaqil tahliliy manbadan foydalangan: ikkitasi davlatga qarashli — Iqtisodiy maslahatchilar kengashi (CEA, Council of Economic Advisers) va Savdo va iqtisodiy tahlil boshqarmasi (OTEA, Office of Trade and Economic Analysis), uchtasi esa xususiy — Goldman Sachs, Altana va Exiger.

Ularning baholari sezilarli darajada farq qiladi. Goldman Sachs tovarlarni yo‘naltirishning tor kanalini yiliga qariyb 40 mlrd dollar, CEA 34,2–89,6 mlrd dollar, Exiger taxminan 75 mlrd dollar, Commerce OTEA 109 mlrd dollar, Altana esa 303 mlrd dollargacha baholaydi.

Biroq bu raqamlarni noqonuniy reeksportning yagona va aniq belgilangan hajmi sifatida qabul qilmaslik kerak. Metodologiyalar bir-biridan farq qiladi. Masalan, OTEA ko‘rsatkichi savdo oriyentiri/benchmarki hisoblanadi va qonuniy savdoni qayta taqsimlashning bir qismini ham qamrab oladi. Altananing kengroq ko‘rsatkichi esa qonuniy logistika va sezilarli darajada qayta ishlangan tovarlarni ham qamrab olishi mumkin.