O‘zbekistonda kambag‘allik va ishsizlik darajasi eng past ko‘rsatkich — 4,5 foizga tushdi

Jamshid Qo‘chqorov. O‘zbekiston parlamenti matbuot xizmati fotosurati

2026 yil birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik va ishsizlik darajasi 4,5 foizgacha pasaygan. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi (parlamenti) majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi, deb xabar beradi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

2026 yil boshiga kelib mamlakatda kambag‘allik darajasi 5,8 foizni, ishsizlik darajasi esa 4,9 foizni tashkil etgan edi.

Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlari ta’minlanmoqda. 2026 yil birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning real o‘sish sur’ati 8,5 foizni tashkil etdi.

YAIM hajmi 1 072,7 trln so‘mga (taxminan 89,4 mlrd dollar) yetdi.

O‘sish barcha asosiy tarmoqlarda qayd etilgan. Sanoatda o‘sish 8 foizni, xizmatlar sohasida 9,2 foizni, qurilishda 13,7 foizni, qishloq xo‘jaligida esa 4,7 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida Davlat budjeti xarajatlari 205,6 trln so‘mni (17,1 mlrd dollar) tashkil qilgan. Ushbu mablag‘ning 105,8 trln so‘mi (8,8 mlrd dollar) ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan.

Investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyat sohalarida ham yuqori natijalar qayd etilgan. 2026 yil birinchi yarmida 28,1 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 34 foizga ko‘p. Umumiy hajmning 26 mlrd dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarga to‘g‘ri keladi. Eksport hajmi ilk bor 15,9 mlrd dollarga yetgan.

Bandlik sohasida hisobot davrida 506 ming kishi doimiy ish o‘rinlariga ega bshlgan. 2,616 mln fuqaroning daromadlari oshgan. Mamlakatda norasmiy band bo‘lgan 546 ming nafar aholining faoliyati legallashtirilgan. Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 246 ming kishining bandligi ta’minlangan.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholini biznesga keng jalb etish choralari natijasida qariyb 37,8 mingta yangi kichik tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. 2 756 ta mahalla kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirildi.

ℹ️ 2024 yil kuzida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishini ma’lum qilgandi. O‘shanda mamlakatda kambag‘allik darajasi har yili 3 foizga qisqarayotgani xabar qilingan. Jumladan, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 17 foizdan 11 foizga tushgan.