«Nihoyatda muhim ilk qadam»: Turkmaniston va Qozog‘iston metanning sakkizta yirik sizib chiqish holatini bartaraf etdi

Turkmanistondagi metan sizib chiqish holatlaridan biri, 2022 yil. NASA fotosurati

Turkmaniston ilk bor eskirib qolgan neft-gaz obyektlaridagi yirik miqyosli metan sizib chiqish holatlarini bartaraf etishga kirishdi va hozirga qadar sakkizta holatni bartaraf etdi. Bu haqda The Guardian nashri BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNЕP) ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

YUNЕP huzurida tashkil etilgan Metan haqida ogohlantirish va chora ko‘rish tizimi (MARS) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda Turkmanistonga metan chiqindilari bo‘yicha 192 ta ogohlantirish yuborilgan. MARS tomonidan aniqlangan dunyodagi eng jiddiy oltita sizib chiqish holatining uchtasi va eng yirik 50 ta holatning to‘qqiztasi Turkmaniston hissasiga to‘g‘ri keladi. Ashxobod signallarning taxminan 20 foiziga javob qaytarib, joylardagi vaziyat haqida ma’lumot va sizib chiqishlarni bartaraf etish rejalarini taqdim etgan.

Shu bilan birga, olingan ogohlantirishlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan AQSHda (138 ta) so‘nggi bir yilda birorta ham sizib chiqish holati bo‘yicha chora ko‘rilgani yoki uni bartaraf etilgani qayd etilmagan. Eron, Rossiya va Xitoy ham birorta ogohlantirishga javob bermagan. Meksika, Braziliya va Argentina esa 100 foizlik javob qaytarish ko‘rsatkichini namoyish etmoqda.

MARS tizimi o‘ndan ortiq sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish va ehtimoliy sizib chiqish holatlarini aniqlash uchun sun’iy intellektdan foydalanadi. Keyin ular ikki bosqichda tahlilchilar tomonidan tekshiriladi. Tasdiqlangan sizib chiqish holatlari haqida tegishli hukumat yoki kompaniya xabardor qilinadi. Javob sifatida voqea joyidan olingan ma’lumotlar va sizib chiqishni bartaraf etish niyati haqidagi axborot taqdim etilgan holatlar qayd etiladi. Agar sizib chiqish bartaraf etilgani haqida xabar berilsa, MARS ma’lumotlar chiqindilar to‘xtaganini ko‘rsatgunga qadar obyektni kuzatib boradi va shundan keyingina buni muvaffaqiyatli natija sifatida qayd etadi.

Turkmaniston 2024 yil noyabrdan 2026 yil mart oyiga qadar sakkizta sizib chiqish holatini bartaraf etgan. Korroziyaga uchragan quvurlar, nosoz quduqlar va olovlar ta’mirlangan. MARS dasturi rahbari Megan Demeter bu holatni «nihoyatda muhim ilk qadam» deb atadi, biroq Turkmanistonda hali e’tibor talab qiladigan chiqindi manbalari ko‘pligini ta’kidlaydi.

«Bu qayd etilgan real harakatlar nuqtayi nazaridan chiqindilarni qisqartirish borasidagi yutuqdir. Ammo chiqindilarning umumiy ko‘lami nuqtayi nazaridan bu hali yutuq emas», — deydi Demeter.

Metan issiqlikni karbonat angidridga nisbatan 80 barobar samaraliroq ushlab qoladigan kuchli issiqxona gazi bo‘lib, hozirgi global isishning 25 foizini ta’minlaydi. «Super-emitent» toifasidagi sizib chiqishlar — bitta klapan yoki quvur orqali soatiga tonnalab gaz chiqishi — sayyorani millionta yo‘ltanlamas avtomobil yoki butun boshli ko‘mir elektr stansiyasidan ham kuchliroq isitadi.

2023 yilda Turkmaniston metanning mega-sizib chiqishlari soni bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylangani haqida xabar berilgan edi. Mamlakatdagi ikkita asosiy kondan 2022 yilda chiqarilgan metan miqdori global isishga Buyuk Britaniyaning o‘sha yildagi barcha uglerod chiqindilaridan ham ko‘proq ta’sir ko‘rsatgan. Ekspertlar vaziyatni hayratlanarli va g‘azablanarli deb atagan.

Bu Ashxobodda katta aks-sado berib, hukumatni BMT, Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkorlar bilan hamkorlik qilishga undadi. 2023 yil dekabr oyida Turkmaniston Metan bo‘yicha global majburiyatga qo‘shildi. Unga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar 2030 yilga qadar metan chiqindilarini 30 foizga qisqartirish majburiyatini olgan.

Atrof-muhitni himoya qilish jamg‘armasi vitse-prezidenti Den Grossman «neft va gaz operatsiyalaridan metan chiqindilarini kamaytirish — bugungi kunda iqlimga zarar yetkazuvchi ifloslanishni kamaytirishning eng tez va iqtisodiy jihatdan samarali usuli» ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, MARS hisobotiga kiritilgan Markaziy Osiyoning yana bir davlati — Qozog‘istonda ham sakkizta sizib chiqish holati bartaraf etilgan. Biroq, bu mamlakatdagi umumiy holatlar soni ancha kam — so‘nggi bir yilda MARS tomonidan 38 ta ogohlantirish yuborilgan.

Metan chiqindilarining dunyodagi eng yirik 50 ta manbasi ro‘yxatiga Qozog‘istondagi bitta obyekt — magistral gaz quvurining kompressor stansiyasi kiradi. Undagi taxminiy chiqindi hajmi yiliga qariyb 29,9 ming tonna metanni tashkil etadi. Qozog‘iston hozircha ushbu obyekt bo‘yicha yuborilgan ogohlantirishga javob bermagan.

Umuman olganda, MARS ogohlantirishlari dunyo bo‘ylab 43 ta sizib chiqish holatining germetizatsiya qilinishiga olib keldi. Ularning ko‘pchiligi tezkor ravishda, katta sa’y-harakatlarsiz bartaraf etildi, ayrim holatlar esa puxta rejalashtirish va moliyalashtirishni talab qiladi.