O‘zbekistonda ma’rifatparvar jadidlar oilalarida saqlanib qolgan xatlar, fotosuratlar, qo‘lyozmalar va xotiralarni birlashtirgan «Jadidlar xotirasi» xalqaro raqamli arxivini yaratish taklif etildi. Tashabbus Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida jadidchilik harakati vakillari avlodlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda taqdim etildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mashhur ma’rifatparvarlarning avlodlaridan tashqari tarixchilar va tadqiqotchilar ham ishtirok etdi. Ular oilaviy arxivlarni qanday saqlash, jadidlar merosini yosh avlodga yetkazish masalalarini muhokama qildilar.
Raqamli arxivni «Yosh tadqiqotchilar» loyihasi bilan hamkorlikda yaratish taklif qilindi. Hujjatlarni egalari roziligi bilan va ilmiy tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng yagona ma’lumotlar bazasiga kiritish rejalashtirilmoqda. Ishtirokchilar tarixiy merosni zamonaviy media formatlari va sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ommalashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuvni ochar ekan, Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo oilaviy xotiralar rasmiy hujjatlarda aks etmagan ma’lumotlar bilan tadqiqotlarni boyitishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy va ijtimoiy sharoitlar jadidlarga o‘z maqsadlarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermagan, biroq bugun ularning faoliyatini o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
«XIX asrning so‘nggi, XX asrning boshlarida, Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati Turkiston zaminida avj olgan bir sharoitda, yurtimizda o‘z millati, xalqi va Vatani taqdiri uchun javobgarlikni his etgan, hech narsadan qo‘rqmaydigan, o‘zini el-yurt manfaati yo‘lida fido qilishga tayyor bo‘lgan ziyolilar avlodi shakllandi. Agar ana shunday insonlar jamiyatda ko‘pchilikni tashkil etganida edi, xalqimizning tarixiy taqdiri va taraqqiyot yo‘li, ehtimol, butunlay boshqacha kechgan bo‘lardi», — dedi Ziyo.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov uchrashuv prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, tadbirning asosiy maqsadlari ma’rifatparvarlar merosini o‘rganish va ularning avlodlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
«Ajdodlarimiz asrlar davomida to‘plagan xazinani bizga meros qoldirishdi. Uni o‘z bilimlarimiz va kashfiyotlarimiz bilan boyitib, jadid bobolarimiz boshlagan ma’rifat ishini munosib davom ettiraylik. Ular bizga o‘z orzularini omonat qoldirishdi, biz esa kelajak avlodlarga shu orzularni ro‘yobga chiqarib qoldirishga qodirmiz», — dedi Abduxoliqov.
Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Jamolova jadidlar avlodlarini izlash va ularning xotiralarini to‘plash haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, 2023 yilda Jadidlar.uz platformasini yaratish g‘oyasi muhokama qilinganidan so‘ng tadqiqotchilar qariyb 150 nafar avlod vakilining shaxsini aniqlashga va ularning xotiralarini yozib olishga muvaffaq bo‘lganlar. Bunday hikoyalar rasmiy manbalarda aks etmagan voqealar va shaxsiy tajribalarni o‘rganish, ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslash hamda tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni aniqlash imkonini beradi.
Jamolova jadidlar faoliyati faqat maktab ta’limini isloh qilish bilan cheklanmaganini ta’kidladi. Ular yoshlarning xorijda tahsil olishini qo‘llab-quvvatlagan, xayriya mablag‘larini jalb qilgan, matbuot va teatrni rivojlantirgan. Shu sababli, uning fikricha, jadidchilik harakatini ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot va siyosiy tafakkur tarixi bilan uzviy bog‘liq holda o‘rganish zarur.
«Ularning oldingi uyg‘onish davrlaridan farqi shunda ediki, jadidlarni qo‘llab-quvvatlaydigan hukmdorlar yoki kuchli siyosiy tayanch mavjud emas edi. Ular o‘zlari birlashib, milliy davlatchilikni tiklash, Turonning ilgarigi taraqqiyotini qayta yuksaltirish va xalqni ma’rifatli qilish uchun harakat qildilar», — dedi tarixchi.
Uchrashuvda ma’rifatparvarlarning avlodlari oilaviy xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar. Mahmudxo‘ja Behbudiyning nabirasi Shohrux Behbudiy oilada bobosining «Padarkush» pyesasini yaratishi, gazeta nashr etishi va kutubxona tashkil qilishi haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolganini aytdi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Behbudiy faoliyatining ko‘lami va g‘oyalarining ahamiyati chuqurroq anglanmoqda.
«Yangi tariximizda men o‘ylaymanki, haqiqiy qahramonlar — bu jadidlar. Chunki ular qilgan narsalar — o‘z hisoblaridan maktablar ochish, gazetalar chiqarish, kutubxonalar tashkil qilish, teatrlar ochish — har kim ham qila oladigan ish emas edi. Bu ishlarni qilish uchun jasorat kerak edi», — dedi ma’rifatparvarning nabirasi.
Obidjon Mahmudovning nabirasi Maqsuda Obidjonova bunday uchrashuvlar uzoq vaqt davomida yetarlicha tanilmagan tarixiy shaxslarning nomlarini qayta tiklash va ularning qarindoshlari xotiralarini jamoatchilikka yetkazishga yordam berishini ta’kidladi.
«Jadidchilar topgan pullarini faqat o‘zlari yeb-ichib o‘tirmagan. Boyliklarini davlat, xalq va ishlarini rivojlantirish uchun sarflashgan. Xalqni bilimli qilish, madaniyatli qilish, shaharni rivojlantirish uchun harakat qilganlar», — dedi Obidjonova.
Uchrashuvda, shuningdek, Saidrizo Alizoda, Abduqodir Shakuriy, Hoji Muin, Vadud Mahmud, Po‘lat Soliyev, Musojon Saidjonov, Hasanxon Niyoziy, Maryam Sultonmurodovaning avlodlari ham ishtirok etdi. Muhokamalar, jumladan, ularning oilaviy arxivlarida saqlanayotgan kitoblar, fotosuratlar va hujjatlarni asrab-avaylash hamda ushbu materiallarni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish masalalariga bag‘ishlandi.
Jadidchilik — XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda keng tarqalgan ma’rifatparvarlik va ijtimoiy harakatdir. Uning vakillari ta’limni yangilash va zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish tarafdori bo‘lganlar. Turkistonda jadidlar yangi o‘qitish usullariga asoslangan maktablar ochgan, darsliklar va gazetalar nashr etgan, milliy adabiyot va teatrni rivojlantirganlar. Ular ma’rifatni jamiyatni o‘zgartirish bilan uzviy bog‘liq deb bilganlar.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



