Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan barcha masjidlarni Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB, muftiylik) balansiga o‘tkazish jarayoni boshlandi. Bu haqda 24.kg nashri xabar beradi.
Muftiylik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 4470 ta masjid mavjud. Hozirda huquqni belgilovchi hujjatlari to‘liq bo‘lmagan obyektlarning aniq sonini belgilash maqsadida ular tekshirilmoqda. Inventarizatsiyaning dastlabki natijalarini 2026 yil oxirigacha sarhisob qilish rejalashtirilgan.
Hujjatlari bilan bog‘liq muammolar aniqlangan masjidlarni yopish rejalashtirilmagan. Asosiy vazifa — hujjatlarni qonun talablariga muvofiq tartibga keltirish.
Muftiylik ta’kidlashicha, ko‘plab masjidlar mahalliy aholi, xususiy shaxslar va homiylar mablag‘lari hisobidan qurilgan. Biroq, qurilishga ruxsatnomalar, foydalanishga topshirish dalolatnomalari va yer uchastkalariga oid hujjatlar har doim ham rasmiylashtirilmagan. Ayrim hollarda yer uchastkalari boshqa maqsadlar uchun ajratilgan, yer yoki binoning mulk huquqi esa rasmiylashtirilmagan. Qonunchilik va ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalaridagi o‘zgarishlar ham vaziyatni murakkablashtirgan.
Tekshiruvlar Qirg‘izistonning barcha tumanlarida olib borilmoqda. Har bir masjid bo‘yicha yer kimga tegishli ekani, binoning hujjatlari to‘g‘ri rasmiylashtirilgani va obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlanmoqda. «Din erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, diniy obyektlar markaziy boshqaruv organi balansida bo‘lishi kerak. Agar masjid xususiy mulk bo‘lsa, uni boshqarma balansiga o‘tkazish uchun mulkdorning ixtiyoriy roziligi va belgilangan tartibga rioya etilishi talab qilinadi.
Diniy obyektlarni Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi balansiga o‘tkazish jarayoni 2027 yil 1 fevralga qadar yakunlanishi kerak.
Yangi qonun 2025 yil 1 fevralda kuchga kirgan. Hujjatga muvofiq, endi diniy obyektlar qurilishi vakolatli organ bilan kelishilishi shart, ularning sonini esa Vazirlar Mahkamasi tartibga soladi. Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi masjidlar va madrasalar qurilishini kelishishda, shuningdek, diniy obyektlar hamda ta’lim muassasalari rahbarlarini tayinlashda ishtirok etadi.
QMDBda masjidlarning kommunal xarajatlari masalasi ham alohida ko‘tarililgan. Odatda, bu xarajatlarni mahalliy jamoalar, homiylar va xayriya qiluvchilar qoplaydi. Davlat budjeti yoki muftiylik mablag‘lari hisobidan ushbu xarajatlar markazlashgan tartibda to‘lanmaydi. To‘lov miqdori masjidning kattaligi, elektr energiyasi iste’moli va isitish tizimiga bog‘liq. 2026 yil 1 maydan boshlab diniy obyektlar uchun elektr energiyasi tarifi kilovatt-soat uchun 2,96 somni (0,03 dollar), tijorat iste’molchilari uchun esa 4,33 somni (0,05 dollar) tashkil etadi. Muftiylik turli masjidlar amalda qaysi tariflar bo‘yicha to‘lov qilayotganini aniqlashtirmoqda. Boshqarma vakillari tariflar masalasini alohida ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaydi. Ularning ta’kidlashicha, masjidlar tijorat obyektlari hisoblanmaydi va diniy hamda ijtimoiy vazifalarni bajaradi.



