Qirgʻiziston mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oq shakar importiga taqiq joriy etdi

agroexpert.press saytidan olingan surat

Qirgʻiziston respublikaga xorijdan oq shakar olib kirishni taqiqladi. Mazkur turdagi mahsulot importi boʻyicha cheklovlar olti oy davomida amal qiladi. Tegishli qarorni mamlakat hukumati raisi Odilbek Qosimoliyev imzoladi, deb xabar beradi 16-noyabr kuni Vazirlar mahkamasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat Qirgʻizistonning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ichki bozor faoliyatini saqlab turish uchun oziq-ovqat mahsulotlarining bozor narxlarini barqarorlashtirish, mamlakat shakar bozorini rivojlantirish, shuningdek, ushbu sohaning xomashyo va qayta ishlash bazasini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan.

Importga qoʻyilgan yarim yillik taqiq uchinchi davlatlarga hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII) aʼzo davlatlar — Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va Armanistonga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Shunga qaramay, ayrim istisnolar mavjud. Xususan, agar yuklangan sana va yukning keyingi yoʻnalishini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa hamda mahsulot Qirgʻiziston orqali tranzit tarzida olib oʻtilayotgan boʻlsa, respublikaga shakar olib kirish mumkin.

Bundan tashqari, taqiq reeksport bitimlariga (mahsulotni Qirgʻizistondan tashqarida sotish uchun olib kirish), «ekstra» navli oq shakarga, shuningdek, Vazirlar mahkamasi rahbarining import cheklovlari toʻgʻrisidagi qarori kuchga kirgunga qadar respublikaga temir yoʻl transporti orqali joʻnatilgan yuklarga taalluqli emas.

Hukumat matbuot xizmati xabarida aytilishicha, qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.

Hozirda Qirgʻizistonda shakar ishlab chiqaruvchi ikkita korxona — «Kaindi-Kant» va «Koshoy» faoliyat yuritmoqda. Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, respublikaning ushbu mahsulotga boʻlgan yillik ehtiyoji 150 ming tonnani tashkil etadi. Zarur hajmning yarmidan sal koʻprogʻi mahalliy zavodlar hisobidan, qolgani esa Rossiya va Belarus importi evaziga taʼminlanadi. Biroq, Qirgʻiziston korxonalari rahbariyatining taʼkidlashicha, ularning quvvati mamlakat ehtiyojini xorijdan keltirmasdan ham qoplash imkonini beradi.

Qoʻshimcha qilish joiz, Markaziy Osiyoning boshqa bir respublikasida ham hukumat shakar bozorini tartibga solishga intilmoqda. Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna hajmida kvota joriy etadi. Bunda mazkur hajm uch yoʻnalish boʻyicha taqsimlangan: ichimlik, qandolat mahsulotlari va boshqa turdagi oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilariga 100 ming tonnadan ajratiladi.