Qozogʻiston futbol federatsiyasi (QFF) milliy terma jamoa bosh murabbiyi Jon van ’t Shkip bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. 62 yoshli niderlandiyalik mutaxassis bilan tuzilgan bitim joriy hafta oxirida oʻz yakuniga yetadi, deb xabar beradi Sports24.kz federatsiya bosh kotibi Skott Mannga tayanib.
«Biz shartnomani uzaytirmaymiz va jamoani Yevropa chempionati saralashiga tayyorlaydigan yangi murabbiyni uzoq muddatga qidirishni boshlaymiz», — dedi Mann 17 noyabr kungi matbuot anjumanida.
Van ’t Shkip Qozogʻiston terma jamoasini 2026 yilning avgustida Talgat Baysufinov oʻrniga qabul qilib olgandi. Niderlandiyalik mutaxassis oldiga jamoani UEFA Millatlar ligasining B divizioniga olib chiqish vazifasi qoʻyilgan edi, biroq buni uddalashning iloji boʻlmadi.
Qozogʻiston musobaqani C3 guruhida birorta ham gʻalaba qozonmay, soʻnggi, toʻrtinchi oʻrinda yakunladi. Oltita uchrashuvda jamoa uch bor durang oʻynab, uch marta magʻlubiyatga uchradi va bor-yoʻgʻi uch ochko jamgʻardi. Qozogʻistonliklar Moldovaga ikki marta imkoniyatni boy berdi, safarda Slovakiyaga yutqazdi va Farer orollari bilan ikki bor durang qayd etdi.
Van ’t Shkip boshchiligidagi soʻnggi oʻyinni terma jamoa 16 noyabr kuni Ostonada Slovakiyaga qarshi oʻtkazdi. Mezbonlar Islam Chesnokov va Yan Vorogovskiyning gollari evaziga ikki bor hisobda oldinga chiqib olgan boʻlsa-da, hakam tomonidan qoʻshib berilgan beshinchi daqiqada oʻz darvozasidan toʻp oʻtkazib yubordi va bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Jon van ’t Shkip — Niderlandiya terma jamoasi safida 1988 yilgi Yevropa chempioni hisoblanadi. Futbolchilik faoliyati davomida u Amsterdamning «Ayaks» va Italiyaning «Jenoa» klublarida toʻp surgan. Murabbiy sifatida «Ayaks», «Tvente», Avstraliyaning «Melburn Siti» klublarida faoliyat yuritgan, shuningdek, Gretsiya hamda Armaniston terma jamoalarini boshqargan. U Armaniston termasini Qozogʻistonga tayinlanishidan sal avval, 2025 yil avgustida tark etgan edi.



