Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV) «Rushon» klubi futbolchilari kunduzi o‘z stadioni qurilishida ishlamoqda, oqshomlari esa mashg‘ulotlarga chiqmoqda. Jamoa mamlakat Birinchi ligasiga chiqish uchun pley-off (o‘tish) o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqda va g‘alaba qozonsa, mustaqillik yillarida milliy chempionatning ikkinchi darajali divizionida tog‘li mintaqa nomidan qatnashgan ilk jamoa bo‘lishi mumkin. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Rushon» tarqatgan xabarda qayd etilishicha, futbolchilar Rushon tumanidagi stadion qurilishida ixtiyoriy ravishda yordam bermoqda. E’lon qilingan suratda o‘yinchilar qurilish qo‘lqoplari va kuraklar bilan ish ketayotgan maydonda suratga tushgan. Shu bilan birga, jamoa mashg‘ulot jarayonini ham to‘xtatmayapti.
«Futbolchilar nafaqat stadionni, balki butun tuman bolalari va yoshlari uchun futbol kelajagini ham barpo etmoqda», — deyiladi klub nashrida.
Bo‘lajak uy maydoniga «Rushon Arena» nomi berilgan. NAVO agentligining 11 noyabr kuni xabar berishicha, inshoot qurilishi yakuniga yetib qoldi. Klub ochilishdan so‘ng o‘z uy uchrashuvlarini shu yerda o‘tkazishni mo‘ljallamoqda. Stadion sig‘imi va qurilish xarajatlari hozircha oshkor qilinmagan.
Bir vaqtning o‘zida «Rushon» Tojikiston Birinchi ligasida ishtirok etish huquqini beruvchi o‘tish bahslariga tayyorlanmoqda. Noyabr oyida klub jurnalistlar, futbol blogerlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. O‘yinchilar bo‘lajak uchrashuvlarga ko‘rilayotgan hozirlik haqida so‘zlab berdi. Tadbirni tashkil etishda Tojikiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Iskandar Jalilov, «Istiqlol» akademiyasi direktori Nuriddin Davronov va «Varzish» telekanali sharhlovchisi Gulro‘z Xushnazarzoda qatnashdi. «Rushon»ning raqibi va o‘yinlar sanasi hali aniqlanmagan.
2025 yilda «Rushon» Badaxshon mintaqaviy futbol ligasining ilk mavsumi g‘olibiga aylangan va hal qiluvchi bahsda «Xorug‘ Siti»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Jamoa homiylaridan biri sifatida ijtimoiy va ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi «Jur’at» jamoat tashkiloti ish olib bormoqda.
2026 yil iyunida Tojikiston futbol federatsiyasi bosh kotibi Furqat Ahmedjanov Eurasia Football nashriga bergan intervyusida TBMVda sport infratuzilmasini rivojlantirish rejalari xususida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, federatsiya Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda chegaradosh Ishkoshim tumanida mini-futbol maydonlari qurishni maqsad qilgan.
«Asosiy maqsad — futbol nafaqat poytaxtda, balki olis, chegaraoldi hududlarida ham taraqqiy etishidir», — deya ta’kidlagandi Ahmedjanov. U bunday hududlarda iqtidorli bolalar juda ko‘pligini, ularga futbol bilan shug‘ullanish va kelajakda milliy terma jamoalarda to‘p surish imkoniyatini yaratib berish lozimligini qo‘shimcha qilgan.
2024 yil iyulida «Farg‘ona» TBMVda futbolni qayta tiklash rejalari haqida yozgan edi. O‘sha vaqtda Xorug‘da olti ming tomoshabinga mo‘ljallangan markaziy stadion ta’mirlanib, mahalliy «Pomir» yangilangan arenada Ko‘lobning «Ravshan» jamoasi dubli bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgandi (2:2). Tojikiston futbol federatsiyasi Ikkinchi liganing mintaqaviy zonasini tashkil etishni ko‘zlagandi, uning g‘olibi Birinchi divizionga chiqish imkoniga ega bo‘lar edi. TBMV klublarining umummilliy musobaqalarda qatnashishi yo‘lidagi asosiy muammolardan biri baland tog‘li mintaqaga borib-kelish transport qatnovining murakkabligi bo‘lib qolmoqda.



