BMT qozogʻistonlik jurnalist Duman Muhammedkarimni oʻzboshimchalik qurboni deb tan oldi

Duman Muhammedkarim bureau.kz saytidan olingan surat

BMTning Oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar boʻyicha ishchi guruhi Muxtor Ablyazov bilan suhbat uyushtirgani uchun yetti yillik koloniya jazosiga hukm qilingan qozogʻistonlik jurnalist Duman Muhammedkarimni oʻzboshimchalik qurboni deb tan oldi. Bu haqda Qozogʻiston xalqaro inson huquqlari byurosi xabar bermoqda.

Duman Muhammedkarim — ommabop Ne Deidi YouTube-kanali muallifi. 2022 yilda u muhojiratda boʻlgan «Qozogʻiston demokratik tanlovi» (QDT) muxolifat harakati asoschisi Muxtor Ablyazov bilan toʻgʻridan-toʻgʻri efir oʻtkazgan. Qozogʻistonda QDT ekstremistik tashkilot deb tan olingan.

Efir davomida Ablyazov deportatsiya xavfi tufayli tomoshabinlardan advokatlar xizmati haqini toʻlashda yordam berishni soʻragan. Muhammedkarim xayriya qilishga tayyorligini bildirgan, tomoshabinlarni ham shunga chorlagan va bu ekstremizmni moliyalashtirish hisoblanmaydimi degan savolni oʻrtaga tashlagan. Suhbatdoshi esa oʻzi emas, balki QDT ekstremistik deb topilganiga aniqlik kiritgan.

2023 yil 28 may kuni Muhammedkarim «tinch yigʻilish oʻtkazish tartibini buzish» ayblovi bilan hibsga olinib, 25 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosiga tortilgan. Biroq u ozodlikka chiqishi kerak boʻlgan kuni, yaʼni 22 iyunda, unga 258 va 405-moddalar («Ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish» hamda «Taqiqlangan tashkilot faoliyatida ishtirok etish») boʻyicha yangi ayblov eʼlon qilingan. Yopiq rejimda oʻtgan sud jurnalistni aybdor deb topib, yetti yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qildi. Hozirda u Qiziloʻrda koloniyasida saqlanmoqda.

Mazkur ish yuzasidan kelib tushgan shikoyatni koʻrib chiqqan BMT ekspertlari oʻzboshimchalik bilan ozodlikdan mahrum etishning biryoʻla uchta toifasi boʻyicha qoidabuzarliklarni aniqlagan — hukumatda Muhammedkarimni qamoqqa olish uchun asos boʻlmagan; jurnalist oʻzining asosiy huquqlaridan foydalangani uchun taʼqib qilingan hamda adolatli sudlov huquqidan mahrum etilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, QDTni taqiqlash haqidagi qaror ommaga eʼlon qilinmagan, «tashkilot faoliyatida ishtirok etish» tushunchasi esa yetarli darajada huquqiy asosga ega boʻlmagan. Ishchi guruh shuningdek, jurnalistning qoʻlga olinishi «Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 19 va 25-moddalarida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish oqibati boʻlganini» aniqlagan. Muhammedkarim ustidan tergov va sud yopiq tarzda oʻtgan, sud himoya tomonining 18 nafar guvohini tinglashdan bosh tortgan, qonunda nazarda tutilmagan davlat ekspertlari xulosalariga tayangan, sudya esa sudlanuvchini oldindan «mahkum» deb atagan. BMT ekspertlari «sud jarayoni umuman oʻtkazilmasligi kerak edi», deya ochiq bildirgan.

BMT ekspertlari jurnalist saqlanayotgan koloniyadagi oʻta ogʻir sharoitlarga: ventilyatsiyaning yomonligi, uzluksiz yoqib qoʻyilgan chiroqlar, sayr qilish imkoniyati yoʻqligi va tizimli bosimlarga alohida toʻxtalgan. 2026 yil sentabriga kelib Muhammedkarim bir kishilik kamerada 600 kundan ziyod vaqt oʻtkazgan, ochlik eʼlon qilgan va ikki marta oʻz badaniga jiddiy shikast yetkazgan.

Ishchi guruh Duman Muhammedkarimni zudlik bilan ozod etishni, unga kompensatsiya va yetkazilgan zararni qoplashning boshqa shakllarini taʼminlashni hamda mustaqil tergov oʻtkazishni talab qildi.

Qozogʻiston inson huquqlari byurosining maʼlum qilishicha, BMT Ishchi guruhi xulosasi eʼlon qilinganidan beri olti oy oʻtgan va hukumat belgilangan muddatda rasmiy javob yoʻllagan-yoʻllamangani nomaʼlum. Jurnalist esa hamon panjara ortida qolmoqda.