O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yunusobod tumanida Xitoyning CNTIC kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan birinchi yuqori quvvatli kogeneratsiya stansiyasini ko‘zdan kechirdi. Ushbu inshoot 3500 gektar maydonni egallaydi va 65 million dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilgan, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan. 100 megavattli stansiya 4-sonli issiqlik elektr stansiyasi hududida qurilgan. Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari o‘rnatilgan.
Qozonxonalardan iste’molchilargacha bo‘lgan issiqlik ta’minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilingan. Issiqlik magistrallari yangilangan. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirilgan. Bu esa turli darajadagi energiya yo‘qotishlarining oldini olish imkonini beradi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta obyekt doimiy issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obyektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.
Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40-45 foizga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.
Shu yerning o‘zida prezident kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, anomal sovuq sharoitida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 11 630 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularga 358 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Mirziyoyev ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi.
«Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o‘zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la va tom qismlarini, yo‘laklar va o‘yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur», — dedi respublika rahbari.



