11 dekabr kuni Toshkentdagi Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabining ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston xalq rassomi, Badiiy akademiya akademigi va respublika davlat gerbi muallifi Anvar Mamajonovning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Anvar Mamajonov «Bedana yana sayraydi» ko‘rgazmasining ochilish marosimida. Andrey Kudryashov fotosurati/«Farg‘ona"
«Bedana yana sayraydi» romantik nomini olgan ko‘rgazma rassom tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlanadi. Unda 137 ta grafik asar: gravyuralar, shuningdek, qalam, tush bilan chizilgan asarlar namoyish etilgan. Ular orasidan taniqli janr ustasining dastlabki va keyingi asarlari o‘rin olgan. Rassom ba’zi turkmlar ustida o‘nlab yillar davomida ter to‘kkan.
Anvar Olimjonovich Mamajonov 1950 yili Toshkentning tarixiy mavzesi — Beshog‘ochning eski ko‘chalaridan birida tug‘ilgan. Uning o‘z iqroriga ko‘ra, u besh yoshidan rasm chiza boshlagan. Ota-onasi uzoq vaqt ishlagani bois, uni bolalar bog‘chasidan kech olib ketishgan. Tarbiyachi unga qog‘oz va qalamlar bergan va bolakay ijodga berilib, barcha tashvishlarini unutgan.
1973 yili u Toshkent teatr va rassomlik institutining kulolchilik bo‘limini tugatgan va amaliy san’at kombinatida ishlay boshlagan. Lekin u talabalik davrida o‘rgangan sevimli mashg‘ulotini — eski bozorlar, choyxonalar, hunarmandchilik ustaxonalari va bedana bozoriga (qushlar bozori) borishni kanda qilmagan va u yerlarda qalam bilan ko‘rganlarini qog‘ozga tushirgan. 1982 yili do‘sti, grafik rassom Viktor Apuxtinning taklifi bilan uning birinchi «Eski Toshkent» nomi bilan atalgan grafik asarlari Toshkent san’at ko‘rgazmasida namoyish etilgan va muvaffaqiyat qozongan.
Taxminan shu davrda rassom G‘afur G‘ulom nashriyotiga ishga taklif qilinadi va u yerda ko‘p yillar davomida o‘zbek va jahon adabiyotining buyuk namoyondalari — Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Primqul Qodirov va Chingiz Aytmatovdan tortib Aleksandr Dyuma va Jonatan Sviftga qadar adiblar asarlariga illustratsiyalar chizadi. 1983 yili Anvar Mamajonov SSSR Rassomlar uyushmasiga a’zo bo‘ladi.
Rassomning eng ijtimoiy ahamiyatga ega asari 1992 yil 2 iyulda tasdiqlangan O‘zbekiston respublikasi gerbi bo‘ldi. Mamlakat gerbida baxt va farovonlik ramzi bo‘lmish afsonaviy Humo qushini tasvirlash taklifini Mamajonov ilgari surgan. Biroq, rassomning o‘zi xotirlashicha, qush tasvirini shaxsan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tahrir qilgan.
Rassomning qush haqidagi asl konsepsiyasi ko‘proq qor kalxatini eslatgan, u qahrli nigohi bilan pastga, ishonchli himoyadagi Yerga qaragan bo‘lgan. Lekin Islom Karimov Humo tashqi ko‘rinishidan yirtqich xususiyatlardan xoli bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Va qush pastga emas, balki yuqoriga — osmonga va kelajakka qarashi kerak bo‘lgan.
Biroq, rassom prezidentni O‘zbekiston bayrog‘iga ikkita ingichka qizil chiziqni qo‘shishga ko‘ndirgan, zero Sharqda qizil rang kommunistik g‘oyalarni emas, balki hayotiylik va tashqi ta’sirlarga chidamlilikni anglatgan. Bu ramzlar suveren davlatning ikki o‘n yillik davrida tashqi va ichki siyosatiga qanday ta’sir qilganini o‘zingiz mushohada qilsangiz bo‘ladi.
Keyinchalik rassom badiiy asarlarga illustratsiyalar chizishni yoshlarga saboq berish bilan uyg‘unlashtiradi. Ammo uning asosiy ishtiyoqi va, albatta, hayotining mazmuni — xalq turmushiga oid sahnalarning grafik eskizlarini yaratish bo‘lib qolgan. Ular mohirona bajarilgan. Aniq, ammo silliq chiziqlar ko‘pincha butun makonni murakkab o‘zaro bog‘liqliklar bilan to‘ldiradi, ba’zan an’anaviy o‘zbekona bezaklari kabi zich joylashadi. Kompozitsion va stilistik jihatdan ular klassik Sharq miniatyuralarini, xitoy rasmlarining bir qismini va paradoksal ravishda shimoliy Uyg‘onish davri gravyuralarini eslatadi. Ba’zi asarlar tomoshabinni o‘zining ko‘p figurali tabiati bilan hayratda qoldiradi — ularda o‘nlab yoki hatto yuzlab personajlar tasvirlangan bo‘lishi mumkin, lekin ularning har biri o‘zida individuallikni saqlab qololgan. Bunday kompozitsiyalarga fotosurat orqali ta’rif berish imkonsiz, ularni faqat to‘liq o‘lchamda ko‘rish lozim.
-
Anvar Mamajonov. «O‘zbekiston» turkumidan. Tush, qalam, qog‘oz
-
Anvar Mamajonov. «O‘zbekiston» turkumidan. Tush, qalam, qog‘oz
-
Anvar Mamajonov. «O‘zbekiston» turkumidan. Tush, qalam, qog‘oz
-
Anvar Mamajonov. «O‘zbekiston» turkumidan. Tush, qalam, qog‘oz
-
Anvar Mamajonov. «O‘zbekiston» turkumidan. Tush, qalam, qog‘oz
-
Anvar Mamajonov. «O‘zbekiston» turkumidan. Tush, qalam, qog‘oz
Zamonaviy tomoshabin nuqtayi nazaridan, Anvar Mamajonov asarlari, albatta, endi tabiatdan olingan eskizlardek ko‘rinmaydi. U eslab qolgan va suratga muhrlagan Toshkent endi yo‘q. Bugungi rassomlar mamlakatning eng chekka burchaklarida — Boysun, Gelan va Farg‘ona vodiysida — bu kolorit, turmush tarzi, an’anaviy liboslar va kundalik vaziyatlar qoldiqlarini izlash uchun butun kuch va mablag‘ larini sarflaydilar. Ammo shuni yodda tutish kerakki, Mamajonov bu naturalarni yoshligida, mavjud bo‘lganu, ammo to‘laligicha qadrlangan paytida asarlariga singdirgan.
Bundan tashqari, rassom o‘z asarlarida nozik didli tomoshabin seza oladigan postmodernist «donolik»ni qoldirgan. Uning rasmlarida, hatto o‘nlab personajlar ishtirok etgan rasmlarda ham ayollar, bolalar, o‘smirlar yoki hatto o‘rta yoshli odamlar kamdan-kam hollarda tasvirlangan. Asosiy lirik mavzu — bu o‘z-o‘zidan tabiiy, ko‘pincha bo‘rttirilgan, kuchli his-tuyg‘ulari deyarli karikatura darajasiga ko‘tarilgan keksa o‘zbek erkakidir. Rassomga ko‘ra, u bolalarcha idrok pokligi va tabiiy jo‘sh uradigan hissiy reaksiyalarni badiiy ijodkorlikning va umuman olganda, dunyo bilan uyg‘unlikning asosi deb biladi. Ko‘pchilik odamlar bunday holatga faqat qarilikda qaytish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shunda ham, toki ular hayotini to‘g‘ri, vijdonan yashagan bo‘lsalar. Shuning uchun uning grafik turkumlari Sharq ekzotikasi yoki qotib qolgan oriyentalizm namoyishiga asoslanmagan. Paradoksal ravishda, dastlabki hujjatli sifatiga qaramay, ular samimiy, mehribon istehzoli avtoportretlar seriyasidir.
Pavel Benkov nomidagi san’at kollejidagi ko‘rgazma 2026 yil 31 yanvargacha davom etadi.
















