Shomurodov JCH–2026 ning eng yaxshi goli uchun o‘tkazilgan ovoz berishda Mbappe va Messini ortda qoldirdi

Eldor Shomurodov. report.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning goli 2026 yilgi jahon chempionatining eng yaxshi golini aniqlash bo‘yicha muxlislar ovoz berishida ikkinchi o‘rinni egalladi. Tanlovda o‘zbekistonlik hujumchi, jumladan, Lionel Messi, Kilian Mbappe va Jud Bellingemni ortda qoldirdi.

Shomurodov guruh bosqichida Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasiga qarshi uchrashuvda gol urdi. O‘yinning 10-daqiqasida u to‘pni maydonning yon chizig‘i yaqinida qabul qilib, o‘tkir burchakdan darvozabon ustidan oshirib zarba berdi. Shu tariqa O‘zbekiston hisobda oldinga chiqdi, ammo ikkinchi bo‘limda uchta gol o‘tkazib yuborib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Avvalroq Shomurodovning ushbu goli jahon chempionati guruh bosqichining eng yaxshi goli deb topilgan edi. O‘shanda o‘tkazilgan ovoz berishda u barcha ovozlarning 36 foizini qo‘lga kiritgandi.

Yakuniy tanlov g‘olibi Argentina terma jamoasi darvozasiga gol urgan Kabo-Verde terma jamoasi futbolchisi Sidni Lopesh Kabral bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni esa Gaiti terma jamoasi hujumchisi Vilson Izidor egalladi.

O‘zbekiston terma jamoasi 2026 yilda o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etdi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5 va Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Natijada terma jamoa birorta ham ochko to‘play olmay, K guruhida oxirgi o‘rinni egalladi.

Jahon chempionatlari tarixida O‘zbekiston terma jamoasining ilk golini Kolumbiyaga qarshi bahsda Abbosbek Fayzullayev kiritgan edi. Shomurodov esa mazkur turnirda milliy jamoaning ikkinchi goliga mualliflik qildi.

31 yoshli Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi sardori va uning butun tarixidagi eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. U milliy jamoa safida 95 ta o‘yinda maydonga tushib, 45 ta gol urgan. 2023 yil iyun oyida u Maksim Shatskixga tegishli avvalgi rekordni yangilagan.

Hujumchi klub faoliyatini O‘zbekistonning «Mash’al» va «Bunyodkor» jamoalarida boshlagan. 2017 yili Rossiyaning «Rostov» klubiga o‘tgan, uch yildan keyin esa Italiyaga yo‘l olib, u yerda «Jenoa», «Roma», «Spetsiya» va «Kalyari» jamoalari sharafini himoya qilgan.

Shomurodov «Roma» bilan birgalikda UYEFA Konferensiyalar ligasining ilk mavsumi g‘olibiga aylangan. U Rim klubi safida jami 85 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol urgan.

2025 yil yozida hujumchi «Roma»dan Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tdi. 2025/26 yilgi mavsumda u 22 ta gol urib, «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu bilan birga Turkiya chempionatining eng yaxshi to‘purari unvonini bo‘lishib oldi.

Shartnomada ko‘zda tutilgan shartlar bajarilganidan so‘ng, «Bashakshehir» Eldor Shomurodovning transfer huquqini «Roma»dan to‘liq sotib oldi. 2026 yil iyul oyida Turkiya klubi Shomurodov bilan ikki yillik to‘liq shartnoma kuchga kirganini rasman e’lon qildi.