17 yoshli Qozog‘iston terma jamoasi hujumchisi Dastan Satpayev Londonning «Chelsi» klubi asosiy tarkibidagi ilk uchrashuvida gol urdi. Forvard Avstraliyaning «Vestern Sidney Uonderers» klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ajralib turdi. O‘yin ingliz jamoasining 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv 28 iyul kuni Sidney shahridagi «Akkor» stadionida bo‘lib o‘tdi. Satpayev maydonga 36-raqam ostida tushdi va 7-daqiqada hisobni ochdi. Rayan Kavuma-Makkuinning uzatmasini qabul qilgan qozog‘istonlik futbolchi jarima maydoniga yorib kirib, kuchli zarba bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi. Shuningdek, Dastan jamoasining ikkinchi golida ham ishtirok etdi. Tanaffusdan so‘ng u maydonni tark etdi.
Ushbu uchrashuv Satpayevning «Chelsi» safidagi ilk ochiq o‘yini bo‘ldi, biroq uning jamoa tarkibidagi mutlaq debyuti emas. 18 iyul kuni hujumchi «Krouli Taun»ga qarshi yopiq nazorat uchrashuvida bir bo‘lim harakat qildi. O‘sha bahsda londonliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Hozircha Satpayev rasman «Chelsi» futbolchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Uning Olmaotaning «Qayrat» klubidan transferi 12 avgustdan keyin, futbolchi 18 yoshga to‘lgach, rasman yakunlanishi kutilmoqda. Qozog‘iston klubi hujumchiga muddatidan oldin London jamoasi mashg‘ulotlariga qo‘shilish va u bilan mavsumoldi yig‘inida ishtirok etish uchun ruxsat bergan.
«Qayrat» tarbiyalanuvchisi Qozog‘iston milliy terma jamoasi safida ham to‘p suradi. 2025 yilda u Daniyaning «Kopengagen» klubiga qarshi o‘yinda gol urib, Chempionlar ligasining asosiy bosqichida gol urgan ilk qozog‘istonlik futbolchiga aylangan. O‘sha yilning o‘zida Satpayev Qozog‘iston milliy terma jamoasi safidagi ilk golini Belgiya darvozasiga kiritgan. Shuningdek, Dastan Satpayev Angliya Premer-ligasi klubi libosida maydonga tushgan va gol urgan birinchi qozog‘istonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi.



