Toshkentda 77 yoshida jahon chempioni va Olimpiada o‘yinlarining kumush medali sovrindori Rufat Risqiyev vafot etdi. Sportchining vafoti haqida 15 avgust kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
«Toshkent yo‘lbarsi» deb atalgan Risqiyev jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi hisoblanadi. 1974 yilda Gavanada o‘tkazilgan havaskor bokschilar o‘rtasida tarixdagi birinchi jahon chempionatida u 75 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
1976 yilgi Monreal Olimpiadasida Risqiyev SSSR terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan. U finalgacha yetib borgan yagona sovet bokschisi bo‘ladi va finalda amerikalik Maykl Spinksga mag‘lub bo‘lib, kumush medalni qo‘lga kiritgandi.
Rufat Risqiyev 1949 yil 2 oktyabrda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. U 12 yoshida boks bilan shug‘ullana boshlagan. 1972, 1974, 1975 va 1976 yillarda to‘rt marta SSSR chempioni bo‘lgan. Jami 189 ta jang o‘tkazib, 174 tasida g‘alaba qozongan.
Sportchilik faoliyatini yakunlagach, Risqiyev murabbiy bo‘lib ishlagan, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, «Ringga chaqiriladi...» badiiy filmida bosh rolni ijro etgan.
Sportchiga SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi unvoni va O‘zbekistonning davlat mukofotlari berilgan.



