O‘zbekistonning «Nasaf» va Turkmanistonning «Arkadag» futbol klublari OFK Chempionlar ligasi-2 musobaqasining 2026/27 yilgi mavsumi guruh bosqichidagi raqiblarini bilib oldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, «Nasaf» A guruhidan joy oldi. Qarshiliklar BAAning «Al-Vahda», «Kuvayt» va Bahraynning «Al-Xolidiya» klublariga qarshi o‘ynaydi.
Raqiblardan ikkitasi o‘zbek klubiga Osiyo musobaqalaridagi avvalgi ishtiroklaridan yaxshi tanish. O‘tgan mavsumda «Nasaf» OFK elita Chempionlar ligasida «Al-Vahda» bilan uchrashib, Qarshida 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. 2024/25 yilgi OCHL-2 mavsumida esa o‘zbekistonliklar «Kuvayt» bilan bir guruhda o‘ynagan va o‘z maydonida 1:2 hisobida yutqazgandi.
«Arkadag» esa V guruhidan joy oldi. Uning raqiblari BAAning «Al-Jazira», Eronning «Gol Gohar» va Bahraynning «Al-Muharraq» klublari bo‘ladi.
Turkmaniston klubi asosiy bosqichga saralash orqali yo‘llanma oldi. 12 avgust kuni «Arkadag» o‘z maydonida Hindistonning «Goa» klubini 3:0 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratib, OCHL-2 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mag‘lub bo‘lgan «Goa» esa OFK Chaqiruv ligasiga yo‘l oldi.
«Arkadag» uchun bu OCHL-2da ketma-ket ikkinchi mavsum bo‘ladi. 2025/26 yilgi mavsumda jamoa 7 ochko to‘plab, o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egalladi va 1/8 finalga chiqdi. U yerda Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubiga ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bundan bir yil avval «Arkadag» OFK Chaqiruv ligasida g‘olib bo‘lib, klub tarixidagi birinchi xalqaro sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Joriy Osiyo mavsumida Turkmaniston yana bir klubi bilan Chaqiruv ligasida ham ishtirok etadi. Mamlakat chempionatining kumush medali sohibi «Ahal» OFK klublar o‘rtasidagi maqomi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan musobaqa — Chaqiruv ligasining guruh bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma oldi.
O‘zbekiston qit’aning klublar o‘rtasidagi ikkita asosiy musobaqasida birdaniga ishtirok etadi. OFK elita Chempionlar ligasida «Neftchi» va «Paxtakor» o‘ynaydi. «Neftchi» mamlakat chempioni sifatida elita bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olgan bo‘lsa, «Paxtakor» musobaqani saralash bosqichidan boshladi va unda Iordaniyaning «Al-Hussayn» klubini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
OCHL-2ning guruh bosqichida har bir jamoa uchta raqibining har biri bilan uyda va safarda bittadan, jami oltita uchrashuv o‘tkazadi. Har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa 1/8 finalga chiqadi. Musobaqa g‘olibi 2027/28 yilgi mavsumda OFK elita Chempionlar ligasining dastlabki bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.



