Qirg‘iziston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Erbol Atabayev Xorvatiya chempionatining yuqori divizionida ishtirok etadigan Zagrebning «Lokomotiva» klubiga «Muras Yunayted» jamoasidan o‘tdi. 25 yoshli futbolchining transferi haqida qirg‘izistonlik klub matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuv tafsilotlari oshkor qilinmagan. Biroq, transfer e’lon qilingan paytda Atabayevning «Muras Yunayted» bilan amaldagi shartnomasi bor edi. Shunga ko‘ra, transfer uchun kompensatsiya to‘langan.
Atabayev «Lokomotiva» safida debyut qilganidan so‘ng Xorvatiya oliy divizionida o‘ynagan birinchi qirg‘izistonlik futbolchiga aylanadi.
Atabayev faoliyatidagi eng yaxshi mavsumlardan birini o‘tkazmoqda. Avgust oyi oxiriga kelib, u asosan yarim himoya markazida o‘ylashiga qaramay, Qirg‘iziston chempionati to‘purarlar poygasida 16 ta gol bilan peshqadamlik qilgan. Birinchi davra yakuniga ko‘ra, uning hisobida 9 ta golli uzatma ham bor edi.
Atabayev Kant shahrida tug‘ilgan va futbol bilan shug‘ullanishni «Abdish-Ata» tizimida boshlagan. O‘smirlik davrida u Qozonning «Rubin» klubi va «Barselona» tizimida mashg‘ulotlar o‘tkazgan, keyin esa bir necha yil Ispaniya jamoalarida to‘p surgan. Kattalar futbolida yarim himoyachi Rossiyada ham o‘ynagan. 2022–2023 yillarda u Maxachqal’aning «Dinamo» klubi sharafini himoya qilib, jamoa bilan birgalikda Birinchi ligaga chiqishga erishgan. Shundan so‘ng Atabayev Astraxanning «Volgar» klubida o‘ynagan va keyin Qirg‘izistonga qaytgan.
Atabayev Qirg‘iziston milliy terma jamoasi safida 2022 yildan buyon o‘ynab kelmoqda. U Singapurga qarshi uchrashuvda milliy terma jamoadagi debyutini o‘tkazgan. Shundan beri mamlakat bosh jamoasi safida 25 ta uchrashuvda maydonga tushgan, jumladan, 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichida ham ishtirok etgan.
Zagrebning «Lokomotiva» klubi o‘tgan mavsumda Xorvatiya chempionati oliy divizionida beshinchi o‘rinni egallagan.



