Samarqandda Jahon shaxmat Olimpiadalari tarixidagi eng yirik musobaqa boshlandi

Tashkilotchilar fotosurati

Samarqandda 15 sentyabr kuni FIDEning 46-Jahon shaxmat Olimpiadasi boshlandi. Musobaqada rekord darajadagi 400 ta jamoa ishtirok etmoqda: 208 ta jamoa ochiq turnirda, 192 ta jamoa esa ayollar o‘rtasidagi bahslarda qatnashadi. Bundan avvalgi rekord 2024 yilda Budapeshtda qayd etilgan bo‘lib, unda 380 ta jamoa ishtirok etgan, deb xabar beradi Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE).

Ochilish marosimi 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi, birinchi tur esa 16 sentyabrda o‘tkaziladi. Jamoalar jami 11 turni Shveysariya tizimi bo‘yicha o‘tkazadi. Bahslar Samarqanddagi Silk Road xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi. 22 sentyabr dam olish kuni sifatida belgilangan. Musobaqa 27 sentyabr kuni yakunlanadi.

Samarqandga FIDE jahon reytingidagi amaldagi kuchli o‘nlikdan sakkiz nafar shaxmatchi tashrif buyurdi. Bular amerikaliklar Fabiano Karuana va Uesli So, o‘zbekistonliklar Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov, germaniyalik Vinsent Keymer, hindistonliklar Rameshbabu Pragnanandxa va Arjun Erigaysi, shuningdek, Niderlandiya vakili Anish Giri. Amaldagi top-10 shaxmatchilaridan faqat Magnus Karlsen va Xikaru Nakamura musobaqa arizalarida yo‘q.

Ochiq turnirda saralashning birinchi raqami AQSH terma jamoasiga berildi. Undan keyin Olimpiadaning amaldagi g‘olibi Hindiston, musobaqa «mezboni» O‘zbekiston, Xitoy va Germaniya terma jamoalari joylashdi.

O‘zbekiston terma jamoasiga jahon reytingida to‘rtinchi o‘rinda turgan Javohir Sindarov va yettinchi pog‘onadagi Nodirbek Abdusattorov boshchilik qiladi. Tarkibdan Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov ham o‘rin olgan. Jamoa kapitani — FIDE sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov.

O‘zbekiston 2022 yilda Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon shaxmat Olimpiadasida g‘olib chiqqan. 2024 yilda Budapeshtda o‘tkazilgan navbatdagi Olimpiadada esa bronza medallarini qo‘lga kiritgandi. Mezbon davlat sifatida O‘zbekiston ochiq va ayollar turnirlarining har birida uchtadan jamoa bilan ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, Samarqandda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi FIDEning uchinchi Olimpiadasi ham o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, musobaqa davomida shaharda Xalqaro shaxmat federatsiyasi kongressi va FIDE rahbariyati saylovlari bo‘lib o‘tadi.