O‘zbekiston va Rossiya futbol terma jamoalari 12 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Uchrashuv FIFA kunlari davomida bo‘lib o‘tadi va milliy terma jamoalar tarixidagi ikkinchi o‘zaro bahs bo‘ladi. Bu haqda 20 oktyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi.
O‘FA terma jamoalar bo‘limi rahbari Usmon Toshev keyinchalik Sport24 nashriga bergan izohida uchrashuv Xalqaro futbol federatsiyasi bilan kelishilganini va uning natijasi FIFA reytingi hisob-kitobida inobatga olinishini ta’kidladi.
Dastlab O‘zbekiston noyabr oyida Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni bilan o‘ynashni rejalashtirgan edi. O‘FA vitse-prezidenti Odil Ahmedovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tomoni xavfsizlik nuqtayi nazaridan uchrashuvni Toshkentga ko‘chirishni taklif qilgan, biroq saudiyaliklar bunga rozi bo‘lishmagan. O‘yin bekor qilingach, O‘FA Rossiya bilan muzokaralarni qayta boshlagan. Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, bu muzokaralar yoz oylaridan buyon olib borilayotgan edi.
Yangi raqib nomzodini O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham qo‘llab-quvvatlagan.
«Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni bilan o‘yin bekor qilinganidan so‘ng xalqaro aloqalar bo‘limi unga Toshkentda Rossiya terma jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Fabio darhol rozi bo‘ldi», — deydi Toshev.
Shu bilan birga, Rossiya terma jamoasi 2022 yil fevral oyidan buyon FIFA va UYEFA musobaqalarida ishtirok etishdan chetlatilgan. Biroq, sanksiyalar jamoaga o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni taqiqlamaydi. So‘nggi to‘rt yil davomida rossiyalik futbolchilar Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari terma jamoalari bilan muntazam o‘ynab keldi. Bunday uchrashuvlar natijalari FIFA reytingida ham hisobga olinadi.
Toshkentdagi bahs FIFA kunlariga to‘g‘ri keladi. Rossiya terma jamoasi noyabr oyidagi ikkinchi uchrashuvini 17 noyabr kuni Krasnodarda Venesuelaga qarshi o‘tkazadi.
O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari Rossiya futboliga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan keyin faqat bir marta uchrashgandi. 2022 yil 20 noyabr kuni «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yin 0:0 hisobida yakunlangan. O‘shanda Rossiya terma jamoasiga Valeriy Karpin, O‘zbekiston terma jamoasiga esa sloveniyalik Srechko Katanes ustozlik qilgandi.
To‘rt yil ichida O‘zbekiston terma jamoasining maqomi sezilarli darajada o‘zgardi. 2025 yilda jamoa ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma oldi, 2026 yil yozida esa mundialda debyut qildi. Guruh bosqichida O‘zbekiston Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5 va Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Jahon chempionatidan keyin Kannavaro shogirdlari kuzda Eronni 3:1, Suriyani 4:1 hisobida mag‘lub etdi, ammo Janubiy Koreyaga 0:2 hisobida yutqazdi.
Rossiya terma jamoasi ham kuzda uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi: Eronni 2:0, Namibiyani 6:0 hisobida mag‘lub etdi, Nigeriya bilan esa 3:3 hisobida durang o‘ynadi.
Eurasia Football nashri ta’kidlashichv, bo‘lajak uchrashuvning alohida qiziqarli jihatlaridan biri Karpin va Kannavarro o‘rtasidagi murabbiylik dueli bo‘ladi. Ikkalasi ham Yevropa futbolida uzoq yillar faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, futbolchi sifatida rasmiy uchrashuvlarda bir-biriga qarshi o‘ynamagan.
Karpin Yevro-1996 musobaqasida Italiyaga qarshi maydonga tushgan, ammo Kannavarro o‘sha paytda Italiya milliy terma jamoasida hali o‘ynamagan edi. Rossiya va Italiya terma jamoalari o‘rtasida 1998 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma uchun o‘tkazilgan o‘tish o‘yinlarida Kannavarro ishtirok etgan, biroq Karpin Rossiya tarkibida bo‘lmagan.
Ular Ispaniyada ham bir-biriga qarshi maydonga tushmagan. Karpin «Real Sosedad», «Valensiya» va «Selta» klublarida o‘ynagan va 2005 yil yozida futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Kannavarro esa 2006 yilgi jahon chempionatidan keyin Madridning «Real» klubiga o‘tgan. Shu tariqa, 12 noyabr kuni ular birinchi marta milliy terma jamoalar bosh murabbiylari sifatida o‘zaro raqobatlashadi.
Qizig‘i shundaki, urush boshlanib, Rossiya FIFA va UYEFA musobaqalaridan chetlatilganidan so‘ng Rossiya terma jamoasi tarixda birinchi marta Markaziy Osiyoning uchta milliy terma jamoasi bilan ketma-ket o‘ynadi.
2022 yil 24 sentyabr kuni Rossiya Qirg‘iziston bilan ilk bor uchrashdi. Bishkekda bo‘lib o‘tgan bahsda Valeriy Karpin jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘sha yilning 17 noyabr kuni Dushanbe shahrida Rossiya va Tojikiston terma jamoalari tarixda birinchi marta o‘zaro o‘ynadi. Uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi. Uch kundan keyin, 20 noyabr kuni Rossiya O‘zbekiston bilan ilk bor maydonga tushdi.



