BRIKS «Global Janub»ning ovozi bo‘lishga da’vogarlik qilmoqda, ammo ichki ziddiyatlar tufayli G‘arbning iqtisodiy institutlariga to‘laqonli muqobil bo‘la olmayapti. Bunday fikrni Britaniya xalqaro munosabatlar instituti eksperti Devid Lubin «Vot Tak» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Boshlovchi Aleksandr Papko bilan suhbat «Gorizont sobitiy» dasturida efirga uzatildi va video bilan birga matn shaklida ham e’lon qilindi.
Lubin BRIKSning ko‘lami va uyushqoqligini bir-biridan farqlashni taklif qiladi. BRIKS mamlakatlari aholining va jahon iqtisodiyotining ulkan ulushini tashkil etadi, ammo birlashma hamon «alohida qismlar yig‘indisi» bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan, uning tarkibida G‘arbga ochiqdan-ochiq dushmanlik bilan qaraydigan Eron va Rossiya bor. Ikkinchi tomondan esa G‘arb tarafdori ham, unga qarshi ham bo‘lmagan Hindiston va BAA mavjud. Ekspert Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi keskinlikni ham alohida omil sifatida ko‘rsatadi. Yangi Dehli va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar ancha iliqlashgan: chegara ochilgan, aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan, savdo hajmi oshgan. Biroq ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tub ziddiyatlar birlashmaning yanada yaxlit tuzilmaga aylanishiga to‘sqinlik qilmoqda. U, shuningdek, Eron va BAA, Misr va Efiopiya o‘rtasidagi nizolarni ham qayd etadi. Lubin ta’kidlashicha, BRIKS «Global Janub»ning yagona vakili bo‘la olmaydi, chunki uning a’zolarining iqtisodiyoti, siyosiy tuzumlari va maqsadlari bir-biridan keskin farq qiladi.
Uning fikricha, bu mamlakatlarni birlashtirib turgan jihat — xalqaro qoidalarni shakllantirishda ko‘proq ta’sirga ega bo‘lish istagidir.
Lubin buning sababini iqtisodiy yaqinlashuvda ko‘radi. 2002 yilda Xitoyning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMi G7 mamlakatlari darajasining 5 foizidan ham kam edi, bugun esa mazkur ko‘rsatkichning chorak qismidan oshadi. Ekspert buni kinoya deb ataydi: bunday natijaga AQSH va «yettilik» ilgari surgan globallashuv tufayli erishildi.
Ekspert «yettilik»ning o‘z holati haqida ham alohida fikr bildiradi. Uning baholashicha, Donald Trampning 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytishi G7ni birlashtirib turgan ikkita «omil» — umumiy qadriyatlar va AQSHning mudofaa kafolatlarini zaiflashtirdi. Lubin tushuntirishicha, buning oqibatida G‘arbning sanksiyaviy bosimi muvofiqlashtirilgan xususiyatini yo‘qotdi. U 2025 yilda Vashington va Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganini misol qilib keltiradi. AQSH bir o‘zi harakat qilishi mumkin edi, ammo Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi yoki Yaponiyaning unga qo‘shilishini endi kutib bo‘lmasdi. Ekspert bu farqni muvofiqlashtirilgan bosim va «bir tomonlama kaltak» o‘rtasidagi tafovut sifatida ifodalaydi.
Lubin rivojlanayotgan mamlakatlarning XVJ va Jahon bankidan noroziligini bir necha sabab bilan izohlaydi. Har ikki tashkilotning bosh qarorgohlari Vashingtonda joylashgan bo‘lib, AQSH muhim qarorlar bo‘yicha ovozlarning bloklovchi paketga ega. Bundan tashqari, AQSHning pul-kredit siyosati rivojlanayotgan mamlakatlarga kapitalning kirib kelishi va ulardan chiqib ketishini belgilab beradi. 2022 yil fevral oyidan keyin Rossiya aktivlarining muzlatilishi ham norozilikni kuchaytirdi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bu holat oltinga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi.
Shunga qaramay, Lubin Rossiya siyosatchilari va ekspertlari e’lon qilayotgan dedollarlashtirish jarayonini muvaffaqiyatsiz deb hisoblaydi.
Uning ta’kidlashicha, jahon bozorlaridagi bitimlarning qariyb 90 foizida dollar ishtirok etadi. Efiopiya birri va Hindiston rupiyasi kabi ko‘plab valyuta juftliklari uchun esa to‘g‘ridan to‘g‘ri bozor mavjud emas. Bundan tashqari, Xitoy yuan bilan raqobatlashadigan yagona BRIKS valyutasini qo‘llab-quvvatlashi dargumon. Ayni paytda yuanning mavqei mustahkamlanib bormoqda: Xitoy tashqi savdo operatsiyalarining qariyb 35 foizi yuanda hisob-kitob qilinadi, 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich 10–15 foizni tashkil etgan. Biroq, ekspert ta’kidlashicha, iqtisodiy qudratlar o‘rtasidagi muvozanat milliy valyutalarning mavqeiga nisbatan ancha tez o‘zgarmoqda.
Lubinning baholashicha, Yangi taraqqiyot banki ham XVJ va Jahon bankining o‘rnini bosa olmaydi. Uning kredit portfeli qariyb 35 milliard dollarni tashkil etadi. Kreditlarning taxminan yarmi Xitoy va Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi, qarzlarning qariyb 60 foizi esa dollarda ifodalangan. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin, 2022 yil mart oyida bank Rossiyadagi operatsiyalarini to‘xtatgan. Xitoy esa AQSHning ikkilamchi sanksiyalaridan xavotirlangani sababli ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.
Lubin Rossiya rasmiylarining BRIKSda Rossiyaning «intellektual yetakchiligi» haqidagi bayonotlariga ham shubha bilan qaraydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yetakchilik iqtisodiy yetakchilikdan kelib chiqadi, BRIKSda esa iqtisodiy qudrat Pekin qo‘lida. Rossiya kun tartibiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo Lubinning fikricha, maqsadlarni belgilash borasidagi haqiqiy hokimiyat Xitoyga tegishli.
Ekspert yana bir dalil sifatida savdo ko‘rsatkichlarini keltiradi: BRIKS mamlakatlari tashqi savdo aylanmasining atigi 20 foizi blok ichidagi savdoga to‘g‘ri keladi, qolgan 80 foizi esa Yevropa Ittifoqi va AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, Yevropa Ittifoqida ichki savdo ulushi 60 foizdan oshadi. Lubinning BRIKSning kelajagiga doir prognozi quyidagicha: sentyabr oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan sammit ham ko‘rsatishicha, BRIKS saqlanib qoladi va kengayishda davom etadi, biroq ziddiyatlar barham topmaydi. Jahon savdosi istiqbollarini esa u optimistik baholaydi. 2025 yilda jahon savdosining jismoniy hajmi taxminan 4,5 foizga o‘sgan, 2026 yil boshida esa o‘sish sur’ati tezlashgan.



