Mirziyoyev harf birikmalari bo‘lmagan yangi o‘zbek alifbosi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Qonun 21 oktyabr — mamlakatda O‘zbek tili bayrami nishonlanadigan kunda imzolandi. U e’lon qilinganidan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

«Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yo‘q, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yo‘lini tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchida qoladi, darslik, peshlavha va ko‘rsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi», — deya ta’kidlaydi Mirziyoyeva.

Bugun tasdiqlangan hujjat 1993 yilda qabul qilingan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritadi. Tuzatishlarga muvofiq, hozirgi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga alifbo 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat bo‘ladi.

Hozirda ikki belgi bilan ifodalanadigan to‘rtta harf bittadan belgini oladi: «o‘» o‘rniga «ö», «g‘» o‘rniga «ğ», «sh» o‘rniga «ş», «ch» o‘rniga «ç» yoziladi. «ng» birikmasi alifbodan chiqariladi, qolgan harflar esa o‘zgarishsiz qoladi.

Yangi alifboni ishlab chiqqan mutaxassislar «bir tovush — bir harf» tamoyiliga amal qilgan va boshqa turkiy tilli mamlakatlar tajribasini hisobga olgan. Yangi harflar turk, ozarbayjon va turkman alifbolaridagi harflarga, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tomonidan ilgari surilayotgan 34 harfli umumturkiy alifboga mos keladi.

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 1993 yilda joriy etilgan. Uning dastlabki tahriridayoq Ş, Ç, Õ va Ğ harflari mavjud edi. Biroq, 1995 yilda ular alifbodan chiqarilib, o‘rniga Sh, Ch, O‘ va G‘ birikmalari kiritilgan.

Tilshunoslar bu qarorni o‘nlab yillar davomida til islohotining asosiy xatosi deb atab kelishgan. Shu bilan birga, lotin alifbosiga to‘liq o‘tish muddatlari bir necha bor kechiktirilgan: dastlab 2000 yildan 2005 yil 1 sentyabrga, keyin esa 2010 yilga ko‘chirilgan.