Turkiya prezidenti Erdog‘anning rafiqasi Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi

Emine Erdogan. ITSM sayti fotosurati

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning rafiqasi Emina Erdog‘an Samarqandda bo‘lgan vaqtida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va uning hududida joylashgan muzeyni ziyorat qildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Emina Erdog‘an O‘zbekistonga Samarqandda o‘tkazilayotgan «Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish: kelajak avlodlarni barqaror va adolatli rivojlantirish yo‘li» mavzusidagi Jahon sammitida ishtirok etish uchun kelgan.

Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish chog‘ida Emina Erdog‘an duo qildi. So‘ngra u buyuk muhaddisning hayoti, ilmiy faoliyati va merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

Emina Erdog‘an bilan birga majmuaga O‘zbekiston prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Livan prezidentining rafiqasi Nimat Avn, Qirg‘iz Respublikasi prezidentining rafiqasi Aygul Japarova, NUN ta’lim va madaniyat jamg‘armasi boshqaruvi raisi doktor Esra Albayrak hamda Pokiston Bosh vazirining qizi Oysha Horun ham tashrif buyurdi.

Emine Erdog‘an tashrif taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida ma’naviy sayohatni his etganini ta’kidladi. U Samarqandning Imom Buxoriy xotirasi va uning ilmiy merosi saqlanib kelinayotgan maskan sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi.

«Islom sivilizatsiyasiga beqiyos asarlar taqdim etgan, asrlar davomida insoniyatga yo‘l ko‘rsatib kelayotgan Imom Buxoriyni rahmat va ehtirom bilan yod etaman», — deb yozgan Emina Erdog‘an.

Imom al-Buxoriy Movarounnahrda tug‘ilgan bo‘lib, eng mashhur musulmon ulamolari va hadisshunoslardan biri hisoblanadi. Uning «Sahih al-Buxoriy» to‘plami sunniylik an’anasidagi eng ishonchli hadislar to‘plamlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Olimning Xartang qishlog‘idagi qabri yonidagi birinchi yodgorlik majmuasi XVI asrdayoq barpo etilgan. Hozirgi majmua esa muhaddis tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan 1997–1998 yillarda qurilgan.

2021 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan majmuani keng ko‘lamda rekonstruksiya qilish va amalda yangidan qurish ishlari boshlandi. Uning hududi 44 gektargacha kengaytirildi, yangi maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid, balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora, muzey, ma’muriy va boshqa binolar barpo etildi. 2026 yil mart oyiga kelib, asosiy qurilish ishlari yakunlandi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.