Markaziy Osiyoning uch mamlakati ekotizimlarini tiklashga 260 mln yevrodan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi

«Farg‘ona» fotosi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘rmonlar, yaylovlar hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini tiklash uchun 264,4 mln yevro yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Mablag‘lar 9 noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida (COP31) rasman ishga tushirilgan «Markaziy Osiyoning iqlimga barqaror landshaftlari» (CLiCA) xalqaro dasturi doirasida ko‘zda tutilgan. Bu haqda Yashil iqlim jamg‘armasining hujjatlari dalolat bermoqda.

Dastur yetti yilga mo‘ljallangan. Eng katta miqdor — 103,75 mln yevro — O‘zbekiston uchun ajratilgan. Qirg‘izistonga 74,49 mln yevro, Tojikistonga 72,25 mln yevro belgilangan. Yana qariyb 13,89 mln yevro umumiy mintaqaviy tadbirlar va ma’muriy xarajatlarga yo‘naltiriladi.

Moliyalashtirish degradatsiyaga uchragan o‘rmon va yaylovlarni qayta tiklash, tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish uchun mo‘ljallangan. Uch mamlakat bo‘yicha taxminan 939 ming gektar yer maydonida barqaror boshqaruv usullari tatbiq etiladi. Shuningdek, dastur qishloq aholisi, fermerlar va tadbirkorlarga yordam ko‘rsatish, jumladan, grantlar, kreditlar va zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda loyihalar Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarining 15 ta tumanini qamrab oladi. 18 ming gektar o‘rmon hamda 123 ming gektar yaylov yerlarini qayta tiklash, tomchilatib sug‘orish tizimi va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarni joriy qilish kutilmoqda. 12 ming fermer maslahat yordami bilan ta’minlanadi.

Tojikistonda asosiy ishlar Xatlon viloyati va Farg‘ona vodiysining zaif tumanlarida olib boriladi. Bu hududlarda tog‘ ekotizimlarini tiklash, yonbag‘irlarni mustahkamlash, suv to‘plash havzalarini himoya qilish hamda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Qirg‘izistonda suv resurslari va qishloq xo‘jaligi bevosita bog‘liq bo‘lgan tog‘ landshaftlari, o‘rmon hamda yaylovlarni asrashga alohida e’tibor qaratiladi.

Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan uch davlat bilan birgalikda tayyorlangan. Umumiy byudjetning qariyb 119,6 mln yevrosi Yashil iqlim jamg‘armasi grantlari hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgan 144,8 mln yevroni birgalikda moliyalashtirish orqali jalb etish ko‘zda tutilgan. Ushbu summaga Germaniya grantlari, Yevropa investitsiya banki kreditlari va ishtirokchi davlatlarning badallari kiradi. Belgilangan kredit mablag‘lari hozircha qo‘shimcha kelishuvlarni talab qiladi. Dasturni amaliy jihatdan bajarish 2027 yilda boshlanishi lozim.

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) hisobotiga ko‘ra, 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davr kuzatuvlar boshlangan 1991 yildan buyon daryolar uchun eng qurg‘oqchil davrlardan biri bo‘lgan. Markaziy Osiyo daryo oqimi me’yordan past bo‘lgan mintaqalar sirasiga kiradi. Ayniqsa, mintaqaning asosiy daryo tizimlarini o‘z ichiga olgan Orol dengizi havzasida vaziyat og‘irlashgan. Quruqlikdagi suv zaxiralari, jumladan, daryolar, ko‘llar, suv omborlari, qor va muzlar ketma-ket ikkinchi yil me’yordan kam miqdorda saqlanib qolgan.

JMT baholashicha, Markaziy Osiyo daryo oqimining yarmidan ko‘pi qor va muzlar hisobiga shakllanadi. Shu bilan birga, mintaqa muzliklari massasi muvozanati butun kuzatuvlar tarixidagi eng salbiy uchta ko‘rsatkichdan birini qayd etdi. Ekspertlar XXI asr oxiriga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari muzliklardan yozgi suv oqimining dunyo bo‘yicha eng kuchli qisqarishiga to‘qnash kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. VMO davlatlarni suv resurslari bo‘yicha birgalikdagi monitoringni, ma’lumot almashinuvini va erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirishga chaqiradi.

  • Rossiyalik olimlar Markaziy Osiyoni Sibir daryolari yordamida sug‘orish loyihasini qayta tiklamoqchilar

  • Nima uchun To‘qayev sayyoradagi eng katta yopiq suv havzasi taqdiri haqida qayg‘urmoqda?

  • Anzor Buxarskiy bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab fototur

  • Tramp davrida AQSHda o‘zbekistonliklar qanday yashayotgani, migratsiya reydlari, deportatsiyalar va viza berishdagi cheklovlar haqida