Tojikistonda 2026 yilning toʻqqiz oyida isteʼmolchilarga 51,3 mln somoniylik (taxminan 5,57 mln dollar) 168,8 mln kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi noqonuniy ravishda qoʻshib yozilgani aniqlandi. Qonunbuzarliklar uchun «Taqsimlovchi elektr tarmoqlari» kompaniyasining 400 nafar xodimi maʼmuriy javobgarlikka tortildi, yana 89 nafariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deya «Aziya-Plyus» respublika prezidenti huzuridagi Davlat energetika nazorati agentligiga tayangan holda xabar bermoqda.
Maʼmuriy jarimalarning umumiy summasi 259 ming somonini (taxminan 28 ming dollar) tashkil etgan. Jinoyat ishlari qaysi bosqichda ekani va ular boʻyicha sud hukmlari chiqarilgan-chiqarilmaganiga mahkama tomonidan aniqlik kiritilmagan.
Qoʻshib yozishlarning eng katta hajmi Xatlon viloyatida qayd etilgan. Elektr tarmoqlarining Koʻlob filialida isteʼmolchilarga 29,2 mln somonilik (taxminan 3,17 mln dollar) deyarli 78,8 mln kilovatt-soat, Boxtar filialida esa 12,1 mln somonilik (taxminan 1,31 mln dollar) yana 55,9 mln kilovatt-soat asossiz hisoblangan. Shu tariqa, aniqlangan jami qoʻshib yozishlar summasining 80 foizdan ziyodi ushbu ikki filial hissasiga toʻgʻri kelgan.
Soʻgʻd viloyatida bu kabi qonunbuzarliklar Gulistonda — 3,3 mln somoni (taxminan 358 ming dollar) va Istaravshanda — 2,6 mln somoni (taxminan 282 ming dollar) miqdorida qayd etilgan. Respublikaga boʻysunuvchi shahar va tumanlarda noqonuniy hisob-kitoblar hajmi 3 mln somoniyga yetgan (taxminan 326 ming dollar), Dushanbeda esa 986 ming somonini (taxminan 107 ming dollar) tashkil qilgan.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning shu davriga nisbatan qoʻshib yozishlar miqdori 44,8 foizga yoki 41,5 mln somoniyga (taxminan 4,51 mln dollar) kamaygan.
Bundan tashqari, toʻqqiz oy davomida umumiy hajmi 31,1 mln kilovatt-soat boʻlgan 2729 ta noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holati fosh etilgan. Yetkazilgan zarar 38,7 mln somoniga (taxminan 4,2 mln dollar) baholangan. Elektr isteʼmoli qoidalarini buzganlik uchun 2798 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularga umumiy hisobda 1,5 mln somoni (taxminan 163 ming dollar) jarima belgilangan. Agentlik vakilining soʻzlariga koʻra, qoidabuzarliklarning aksariyati korxona va tashkilotlarda aniqlangan.
2025 yilda qoʻshib yozishlar koʻlami yanada salmoqli boʻlgan: elektr tarmoqlari xodimlari isteʼmolchilar hisobiga 106,4 mln somonilik (taxminan 11,55 mln dollar) 321,5 mln kilovatt-soatni asossiz yozib qoʻygan. Tojikiston hukumati elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va toʻlovlardan boʻyin tovlash uchun javobgarlikni yanada kuchaytirdi. Holatga qarab aybdorlarga jarima yoki oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Shu bilan birga, Tojikiston uzoq yillardan beri yilning sovuq davrida elektr tanqisligi muammosiga duch kelmoqda. «Fargʻona» avvalroq yozganidek, 2017 yilda cheklovlar rasman bekor qilinganiga qaramay, respublika aholisi chiroq tez-tez oʻchirilishidan shikoyat qilishda davom etmoqda. 2025–2026 yillar qishida vaziyat yanada murakkablashgan: ayrim hududlarga elektr energiyasi sutkasiga atigi ikki-toʻrt soatdan uzatilgan. Hukumat cheklovlarni suv tanqisligi va gidroelektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish hajmining qisqargani bilan izohlagan. 2026 yil iyulida «Barqi Tojik» xoldingi rahbari Mahmadumar Asozoda boʻlajak qishda ham tanqislik saqlanib qolishi mumkinligidan ogohlantirib, yangi cheklovlarni istisno etmadi. Rasmiylar mazkur muammoni Rogʻun GESning qoʻshimcha quvvatlari ishga tushirilishi hisobiga bartaraf etishni rejalashtirmoqda.



