Telegram messenjerida qozogʻistonlik jurnalist Vadim Boreykoning vafoti va goʻyoki belgilangan dafn marosimi haqida soxta xabarlar yana paydo boʻldi. Bu haqda 20 noyabr kuni «Әділ сөз» soʻz erkinligini himoya qilish xalqaro jamgʻarmasi xabar berdi.
Feyklarni tarqatish uchun gʻarazgoʻylar Qozogʻiston OAVlari, jumladan «Respublika Media», Exclusive va boshqa nashrlar nomidan ish yurituvchi soxta kanal va akkauntlar yaratgan.
Xususan, firibgarlar «Respublika Media» nomi va logotipini koʻchirib olib, jurnalistning qabrtoshi va uning atrofidagi odamlar aks etgan soxta fotosuratdan foydalanishgan. Soxta kanal orqali tahririyat nomidan xabarlar tarqatilmoqda.
«Әділ сөз» soʻz erkinligini himoya qilish xalqaro jamgʻarmasi foydalanuvchilarni kanallar nomini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi: ular asl nusxasidan biroz farq qilishi mumkin. Shuningdek, tashkilot shubhali xabarlarni tarqatmaslikni va soxta akkauntlar ustidan shikoyat qilishni tavsiya etadi.
«Respublika Media» oʻz Telegram-kanalining qalbaki nusxasi haqida alohida ogohlantirdi. Uning manzili — t.me/respubilkaKZmediaNEWS. Havolada imloviy xatoga yoʻl qoʻyilgan: soxta kanal nomida «bli» oʻrniga «bil» birikmasi qoʻllangan.
Vadim Boreyko — taniqli qozogʻistonlik jurnalist, «Giperborey» YouTube-kanali muallifi. 13 noyabr kuni Olmaota shahrining Boʻstondiq tuman sudi undan Etude-Ybyrai quruvchi kompaniyasi foydasiga 43 million tenge (97 ming dollar) undirish hamda kompaniyaning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi bayonotlarni oʻchirib tashlash toʻgʻrisida qaror chiqardi. Sud muhokamasiga Boreykoning Olmaotaning 12-kichik tumanidagi Premier turar-joy majmuasi qurilishi haqidagi chiqishlari sabab boʻlgan. Quruvchi kompaniya jurnalist notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatgan, kompaniyaga zarar keltirgan va moliyaviy yoʻqotishlarga sabab boʻlgan deb daʼvo qilgan.
Jurnalistning himoyachilari esa oʻz navbatida, Boreyko quruvchi va mahalliy aholi oʻrtasidagi mojaroni yoritib, kasbiy faoliyatini bajarganini bildirgan. Advokatlarning soʻzlariga koʻra, u davlat organlari vakillari, jumladan, qurilishning noqonuniyligi haqida gapirgan Olmaotaning sobiq hokimi (meri) Yerbolat Dosayevning ommaviy bayonotlaridan iqtibos keltirgan. Boreykoning oʻzi esa sudda kompaniya undan «oʻch olayotganini» maʼlum qildi.
Sud hukmi eʼlon qilinishi arafasida ham jurnalist axborot xuruji nishoniga aylangan edi. Telegram’da Boreykoning soxta nekrologi tarqatilib, unda goʻyoki boʻlib oʻtadigan dafn marosimi joyi sifatida uning uy manzili koʻrsatilgan. Bundan tashqari, nomaʼlum raqamlardan Boreykoning hamkasblariga oʻzini uning rafiqasi deb tanishtirgan shaxslar qoʻngʻiroq qilishgan. Ular jurnalistning oʻlimi va dafn marosimi haqidagi xuddi shu xabarni yetkazishgan. Nekrolog va qoʻngʻiroqlar ortida kim turgani nomaʼlumligicha qolmoqda.
Boreyko avval ham axborot xurujlari nishoniga aylangan edi. 2025 yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist goʻyoki mast holda rafiqasini kaltaklagani haqida yolgʻon xabar tarqatilgandi. «Isbot» sifatida esa maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi soxta bayonnoma eʼlon qilingan. Olmaota politsiyasi bu maʼlumot haqiqatga toʻgʻri kelmasligini tasdiqladi.
Boreykoning soʻzlariga koʻra, oʻshanda uning Instagram va WhatsApp’dagi akkauntlari ham bloklangan, elektron pochtasiga Rossiyada goʻyoki ochilgan ishlar boʻyicha xabarlar kela boshlagan, YouTube’da esa u ikki kun ichida mingga yaqin botni bloklab tashlagan.
2026 yil iyun oyida azattyqasia.com domeniga ega «Azattiq Aziya» klon-sayti paydo boʻldi. Unda Boreykoning qandaydir «yuk» bilan goʻyoki qoʻlga olingani haqida soxta xabar joylashtirilgan.
Bundan oldin ham jurnalist oʻziga nisbatan bosimlar haqida gapirgandi: nomaʼlum shaxslar uning kvartirasi eshigini montaj koʻpigi bilan toʻldirib ketishgan, keyinroq esa tasvirchisining ikkita avtomobiliga oʻt qoʻyishgan.



