Putin Tramp va Si bilan uchrashuvdan soʻng Rossiya harbiy bazasi masalasini muhokama qilish uchun Dushanbega keldi

Vladimir Putin va Emomali Rahmon. Foto: khovar.tj saytidan

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 noyabr kuni Xitoydan Dushanbega keldi. U bir kun avval Xitoyda AQSH prezidenti Donald Tramp va XXR raisi Si Szinpin bilan muzokaralar oʻtkazgan edi. Aeroportda mehmonni Tojikiston rahbari Emomali Rahmon kutib oldi. Tashrifning asosiy mavzulari Afgʻoniston boʻyicha hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik hamda ushbu Markaziy Osiyo davlati hududidagi Rossiya harbiy bazasining kelgusi faoliyati boʻladi, deb xabar bermoqda «Xovar» agentligi.

Putin 18–19 noyabr kunlari Xitoyning Shenchjen shahrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) sammitida ishtirok etdi. Safarning soʻnggi kunida u Tramp bilan alohida muzokaralar olib bordi, shundan soʻng Rossiya, AQSH va Xitoy yetakchilarining ilk uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uning yakunlariga koʻra tomonlar xalqaro xavfsizlik va strategik barqarorlikka sodiq ekanliklarini bildirib, tinchlik boʻyicha qoʻshma deklaratsiya qabul qilishdi.

Muzokaralar Ukrainadagi urushni ehtimoliy tartibga solish muhokamalari fonida kechdi. The Washington Post nashrining 14 noyabrda xabar berishicha, Moskva oʻz talablari qatoriga NATOning nafaqat Ukraina va Sharqiy Yevropada, balki Janubiy Kavkaz hamda Markaziy Osiyoda ham har qanday harbiy faoliyatdan voz kechishi shartini kiritgan.

Shunday qilib, Moskva taklif etayotgan shartlar Rossiya harbiy obyektlari joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga bevosita daxldordir. Ular orasidagi eng yirigi — Tojikistondagi 201-harbiy baza hisoblanadi. Dushanbega yetib kelish arafasida Putin uni mintaqaviy xavfsizlikning haqiqiy kafolati deb atadi va Rahmon bilan ushbu obyektning kelgusi faoliyati masalalarini muhokama qilish niyatida ekanini bildirdi.

Muzokaralarning yana bir mavzusi Afgʻoniston boʻladi. Putin 12 noyabr kuni bosh vazir oʻrinbosari Aleksey Overchuk boshchiligidagi Rossiya hukumati delegatsiyasining Kobulga tashrifi yakunlari haqida Rahmonga axborot berishni rejalashtirmoqda. Moskva maʼlumotlariga koʻra, u yerda taxminan 169 million dollarlik shartnomalar tuzish boʻyicha 11 ta niyat memorandumi imzolangan. Hujjatlar savdo, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va energetika sohalaridagi hamkorlikni nazarda tutadi. Darvoqe, 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida Rossiya va Afgʻoniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan koʻproq oshib, 349 million dollardan oshdi.

Moskvaning Afg‘onistondagi amaldagi hukumat bilan munosabatlarini rivojlantirishi ushbu davlat bilan uzun chegaraga ega Tojikiston uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ittifoqchilarning Kobulga nisbatan tutgan yoʻli farq qiladi. 2025 yil iyul oyida Rossiya dunyoda birinchi boʻlib «Tolibon» hukumatini rasman tan oldi, Dushanbe esa ancha ehtiyotkor mavqeni saqlab qolmoqda va Afgʻonistonda inklyuziv hukumat tuzish tarafdori sifatida chiqmoqda.

Xavfsizlik masalalaridan tashqari, prezidentlar savdo-iqtisodiy hamkorlik va qoʻshma loyihalarni ham muhokama qilish niyatida. Rossiya Tojikistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri boʻlib qolmoqda. 2025 yilda mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,47 milliard dollarga yetdi. Ikki tomonlama aloqalarda mehnat migratsiyasi ham muhim oʻrin tutadi: Rossiyada yuz minglab tojikistonliklar mehnat qiladi, xorijdan yuborilayotgan pul oʻtkazmalari esa respublika iqtisodiyotida salmoqli oʻringa ega.

Putinning Tojikistonga avvalgi tashrifi 2025 yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan edi. Oʻshanda tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot, shuningdek, migratsiya, xavfsizlik, transport va savdo sohalariga oid 16 ta hamkorlik hujjatini imzolagan edilar.

201-harbiy baza 2004 yilda Tojikistonda sovet davridan buyon turgan motooʻqchilar diviziyasi negizida tashkil etilgan. Uning boʻlinmalari Dushanbe va Boxtar shaharlarida joylashgan. 2012 yil oktyabr oyida imzolangan kelishuvga koʻra, rossiyalik harbiylar respublika hududida kamida 2042 yilgacha qolishi mumkin.