Qozogʻiston BMTning elektron hukumatni rivojlantirish reytingida (UN EGDI) 24-oʻrindan 16-oʻringa koʻtarildi. Mamlakat ilk bor Germaniya, Yaponiya va Shvetsiyani ortda qoldirib, eng yuqori reyting guruhiga kirdi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasining Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligida maʼlum qilindi.
Ikki yil ichida Qozogʻiston indeksi global oʻrtacha 0,6675 koʻrsatkich fonida 0,9009 dan 0,9363 gacha koʻtarildi. BMT hisobotida bu yuksalish elektron hukumat darajasi yuqori boʻlgan davlatlar orasidagi eng salmoqlilaridan biri sifatida baholandi.
Qozogʻiston ushbu sohada jahon yetakchisi boʻlgan 21 ta davlat guruhiga kirdi. 2026 yilda unga ilk bor Irlandiya va Polsha ham qoʻshildi.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, ikki yil ichida Qozogʻiston 2024 yilda reytingda oʻzidan yuqorida turgan oltita davlatni: Shvetsiya, Germaniya, Irlandiya, Yangi Zelandiya, Avstriya va Yaponiyani ortda qoldirdi. Koʻpincha raqamli davlat namunasi sifatida koʻrsatiladigan Estoniya bilan tafovut esa toʻrt baravarga qisqardi.
Barcha asosiy yoʻnalishlar boʻyicha oʻsish qayd etildi. Xususan, mobil aloqa va internetning qamrovi boʻyicha Qozogʻiston 41-oʻrindan 13-oʻringa koʻtarildi. Taʼlim darajasi va raqamli koʻnikmalar boʻyicha mamlakat taxminan 42-oʻrindan 28-pogʻonaga siljidi. Elektron hukumatning huquqiy bazasi BMT tomonidan eng yuqori bahoga sazovor boʻldi, deyiladi xabarda.
Hisobotda, shuningdek, Qozogʻistonning raqamli ekotizimi, jumladan eGov.kz portali va eGov Mobile ilovasi alohida eʼtirof etildi. BMT bahosiga koʻra, ular davlat platformalari, raqamli identifikatsiya va mobil servis xizmatlari uygʻunlashgan integratsiyalashgan raqamli davlat namunasiga aylandi.
Raqamli rivojlanish vazirligi Qozogʻistonda davlat xizmatlarining 90 foizdan ortigʻi endilikda onlayn tarzda koʻrsatilayotganini taʼkidladi. eGov.kz portalida 16,4 milliondan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan. 2026 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida u orqali 51 milliondan ziyod xizmat koʻrsatildi, ularning qariyb uchdan ikki qismini fuqarolar smartfonlar orqali olgan.
Joriy yilda Qozogʻistonda yangilangan elektron hukumat platformasi ham ishga tushirildi. Foydalanuvchilar oʻzlari maʼlumotnoma toʻplab, hujjat ilova qilib yurmasliklari uchun davlat maʼlumotlar bazalari integratsiya qilindi. Tadbirkorlar uchun alohida eGov Business platformasi faoliyat yuritmoqda, xizmatlarni shaxsan olishni maʼqul koʻradigan fuqarolar uchun esa AI-AXMlar (aholiga xizmat koʻrsatish markazlari) tashkil etilmoqda.
«Reyting biz uchun hech qachon oʻz-oʻzidan maqsad boʻlmagan, u katta va tizimli mehnat samarasidir. Davlat rahbari uch yilda toʻlaqonli raqamli mamlakatga aylanishdek aniq vazifani belgilab bergan edi. Alohida loyihalar emas, aynan tizimlilik natija berdi. BMT saytlarni emas, balki butun davlat tizimining qanday ishlashini baholaydi», — dedi Вosh vazir oʻrinbosari — sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev.
ℹ️ MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozogʻiston reyting yetakchisiga aylandi. Taqqoslash uchun: Oʻzbekiston 32-oʻrinni egalladi. Shunga qaramay, Toshkentda mamlakat ilk bor elektron hukumat rivojlanishi juda yuqori boʻlgan davlatlar (Very High EGDI) toifasiga kirgani eʼtirof etildi. Respublika ikki yil ichida oʻz natijasini 31 pogʻonaga yaxshiladi, 2020 yilga nisbatan esa birdaniga 55 pogʻona yuqoriladi.
Qirgʻiziston reytingda 83-oʻrinni, Tojikiston — 131, Turkmaniston — 146, Rossiya esa 50-pogʻonani egalladi. Yetakchi beshlikdan esa Janubiy Koreya, Daniya, Singapur, Saudiya Arabistoni va BAA oʻrin oldi.



