O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi oziq-ovqat, uy-joy va yoqilg‘i narxlari dinamikasi aks etgan saytni ishga tushirdi

NarxStat platformasi sahifasi

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, ko‘chmas mulk, yoqilg‘i va bir qator sanoat tovarlarining dolzarb narxlari taqdim etilgan NarxStat platformasini ishga tushirdi. Bunda foydalanuvchilar har hafta yangilab boriladigan narxlar dinamikasini kuzatishlari mumkin, deb xabar beradi «Gazeta.uz».

Xususan, saytda iste’mol narxlari indeksi ma’lumotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, benzinning beshta markasi, propan va metanning o‘rtacha narxlari, shuningdek, uy-joy bozoridagi vaziyat haqidagi axborotlar e’lon qilinadi. Bunda ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning shahar va tumanlari kesimida taqdim etilgan. Shuningdek, turli davrlardagi narxlarni taqqoslash imkoniyati ham mavjud. Foydalanuvchilar ma’lumotlarni CSV va JSON formatlarida yuklab olishlari mumkin, dasturchilar uchun esa portalda ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydigan API dasturiy interfeysi ko‘zda tutilgan.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida platformada respublikaning interaktiv xaritasi joriy qilingan bo‘lib, u muayyan bir hudud bo‘yicha ma’lumotlarni hamda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining bir haftalik dinamikasini ko‘rish imkonini beradi. Bundan tashqari, har bir foydalanuvchi bugungi narxlarni tahlilchilar tomonidan bir necha yil avval qayd etilgan ko‘rsatkichlar bilan solishtirishi mumkin (2021 yilning yanvaridan boshlab to‘plangan ma’lumotlar taqdim etilgan).

Shuningdek, portalda bir hafta ichida eng ko‘p qimmatlashgan yoki arzonlashgan tovarlar; narxi so‘nggi 26 haftada eng quyi yoki eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan mahsulotlar; mahsulot narxi eng baland va eng past qayd etilgan hududlar; viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo‘yicha narxlar dinamikasi aks etgan bo‘limlar mavjud.

Platformada ikkita — inflyatsiya va iste’mol xarajatlari kalkulyatori ham o‘rin olgan.

Ta’kidlash joiz, sayt uchta tilda: o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlaydi. Mahsulotlar narxini o‘zbek so‘mida yoki AQSH dollarida ko‘rish mumkin.

Respublika statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning oktabr oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari avvalgi oyga nisbatan 0,6 foizga oshdi. Yillik inflyatsiya 6,5 foizni tashkil etdi, 2025 yilning oktabrida esa ushbu ko‘rsatkich 7,8 foizga yetgan edi.

Umuman olganda, 2026 yilning dastlabki o‘n oyida narxlar o‘rtacha 4,8 foizga qimmatlashdi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 1 foizga, yil davomida esa 6,4 foizga oshdi; boshqa tovarlar narxi mos ravishda 0,2 foiz va 5,6 foizga, xizmatlar esa 0,6 foiz va 7,3 foizga qimmatlashdi.