Inson huquqlari faollari Mansur Movlayevning Rossiyaga topshirilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan xabar topdi

Mansur Movlayev. t.me/ArkHelps fotosi

Qozog‘iston rasmiylari chechenistonlik faol Mansur Movlayevni keyinchalik Rossiyaga topshirish maqsadida Petropavlovskka etap qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda «Urushga qarshi qo‘mita» (UQQ) xabar bermoqda.

Matnda qayd etilishicha, faolning himoya tomoni Oliy sudga Movlayev ishini qayta ko‘rib chiqish iltimosi bilan yo‘llagan murojaatiga hamon javob olmagan. Biroq Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Oliy sud go‘yoki allaqachon salbiy qaror chiqarganini va endilikda rasmiylar ekstraditsiya jarayoniga kirishayotganini ta’kidlamoqda.

24 noyabr kuni tergov hibsxonasidagi Mansur Movlayevga tuguncha keltirgan shaxsga faolning Petropavlovskka etap qilinayotgani ma’lum qilingan. Shu bilan birga, «Kovcheg»ga ma’lum bo‘lishicha, Movlayev hali ham Olmaotadagi tergov hibsxonasida qolmoqda.

«Biz Qozog‘iston rasmiylari advokatlar va Movlayevning yaqinlarini ogohlantirmasdan, amalda uni himoyalanish imkoniyatidan mahrum qilgan holda ekstraditsiyani amalga oshirishidan xavotirdamiz», — deya ta’kidlaydi UQQ.

Huquq himoyachilari va BMT vakillari Movlayevning Rossiyada ta’qib qilinishini siyosiy sabablarga ega deb hisoblashadi. Rossiyaga topshirilgan taqdirda, uning hayotiga real xavf tahdid soladi.

«Agar Qozog‘iston BMTning ta’minlash choralariga qaramay Mansur Movlayevni ekstraditsiya qilsa, biz mansabdor shaxslarga, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi rahbariyatiga, Oliy sud va Movlayevni topshirishga aloqador barcha sud instantsiyalari sudyalariga nisbatan sanksiyalar kiritilishiga erishamiz», — deya urg‘ulaydi «Urushga qarshi qo‘mita».

👉 Mansur Movlayev — Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiquvchi muxolifatdagi «Adat» harakati ishtirokchisi. 2020 yili faol RFda narkotiklarning noqonuniy muomalasi ishi bo‘yicha sudlangan. Chechenistonlik faollar ish soxtalashtirilganini ta’kidlashadi.

2022 yilda shartli ravishda muddatidan ilgari ozodlikka chiqqach, Movlayevning so‘zlariga ko‘ra, u Checheniston politsiyasi xodimlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va maxfiy qamoqxonada saqlangan. Keyinchalik u Qirg‘izistonga, u yerdan esa Qozog‘istonga qochishga muvaffaq bo‘lgan. Bu orada Rossiyada unga nisbatan ekstremizm ishi bo‘yicha federal qidiruv e’lon qilingan.

2025 yil may oyida faol Moskva talabi bilan Olmaotada hibsga olinib, ekstraditsiya qamog‘iga joylashtirildi. Movlayev Qozog‘istondan qochqin maqomini olishga harakat qildi, ammo rad javobini oldi. Joriy yilning 23 fevralida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi faolning shikoyatini ro‘yxatga oldi va Qozog‘istonni murojaat ko‘rib chiqilgunga qadar uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishdan tiyilishga chaqirdi.

Oktyabr oyida Qo‘mita Qozog‘iston rasmiylariga faol Mansur Movlayev ishi bo‘yicha shoshilinch ta’minlash choralari o‘z kuchida qolayotganini eslatib o‘tdi.

Hibsda bo‘lgan vaqtida faol ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan. O‘limoldi xatida u o‘z qarorini Rossiyaga ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi bilan bog‘lagan.