O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Hujjat Markaziy Osiyo davlati rahbarining Ammonga tashrifi doirasida tasdiqlandi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.
Davlatlar rahbarlari samarali muzokaralar o‘tkazgani, ularning yakuni bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan davlatlararo hujjatlar imzolangani qayd etildi.
Yetakchilar uchrashuvida siyosiy muloqotni faollashtirish hamda iqtisodiy va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik tarmog‘i, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika kabi sohalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, gumanitar-madaniy aloqalar bo‘yicha hamkorlik ham ko‘rib chiqildi. Xususan, madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy sohada tajriba almashish, sayyohlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va boshqa masalalarning maqsadga muvofiqligi ko‘tarildi.
Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimdan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari huzurida bir qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, imtiyozli savdo, jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish, madaniyat va kreativ industriya, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika hamda suv resurslarini boshqarish sohalarida anglashuv memorandumlari tuzildi.
Toshkent va Ammon shaharlari, shuningdek, Samarqand va Iordaniyaning sayyohlik markazi — Petra shahri o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar almashildi.
Iordaniyaga tashrifi doirasida Mirziyoyev ikki davlatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirgan qo‘shma biznes-forumning ochilish marosimida ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida iqtisodiy sheriklik ko‘lami izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. Xususan, so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb 9 barobarga, shundan faqat o‘tgan yilning o‘zidayoq 80 foizga o‘sdi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo respublikasida Iordaniya kapitali ishtirokida 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘zaro vizasiz rejim joriy etilgan. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Davlat rahbari alohida qayd etganidek, 300 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha pasaytirilgan bojxona bojlari stavkalarini qo‘llashni nazarda tutuvchi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi muhim qadam bo‘ldi. Bu, shubhasiz, tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Mirziyoyev hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ham belgilab berdi:
✅ to‘qimachilik sanoati;
✅ tog‘-kon tarmog‘i;
✅ farmatsevtika;
✅ kimyo sanoati;
✅ qishloq xo‘jaligi.
Shu bilan birga, prezident 2027 yilning mart oyida Toshkentda navbatdagi O‘zbekiston — Iordaniya biznes-forumi o‘tkazilishini ma’lum qildi.



