Qirgʻizistonda tergovchilar sud ruxsatisiz fuqarolarning shaxsiy yozishmalarini tekshirish huquqiga ega boʻladi

Tasvir sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan

Qirgʻizistonda tergovchilarga alohida hollarda fuqarolarning shaxsiy yozishmalari va boshqa maxfiy maʼlumotlarini oldindan sud ruxsatini olmasdan oʻrganish huquqi beriladi. Respublika Jinoyat-protsessual kodeksiga (JPK) kiritilgan tegishli tuzatishlar 24 noyabr kuni «Erkin-Too» rasmiy gazetasida eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda 24.kg.

Oʻzgartirishlarga muvofiq, fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni, jumladan, yozishmalar va telefon soʻzlashuvlarini oʻz ichiga olgan raqamli maʼlumotlardan tergovchilar axborot egasining roziligi bilan va uning ishtirokida foydalanishlari mumkin boʻladi. Rad javobi berilgan taqdirda esa, qaysi qurilmalar, resurslar va maʼlumotlar toifalari oʻrganilishi lozimligini belgilab beruvchi tergov sudyasining sanksiyasi talab etiladi.

Biroq kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatlarda huquq-tartibot idoralari xodimlariga raqamli maʼlumotlarni koʻzdan kechirish toʻgʻrisida mustaqil qaror qabul qilishga ruxsat beriladi. Axborotning yoʻq qilinishi yoki oʻzgartirilishi xavfi, jinoyatning raqamli izlarini qaytarib boʻlmas tarzda yoʻqotish xavfi yoxud maʼlumotlar uzatilgan manbani zudlik bilan aniqlash zarurati bunga asos boʻlishi mumkin.

Bunday tergov harakatlari oʻtkazilgani haqida 24 soat ichida prokuror va tergov sudyasi xabardor qilinishi lozim. Huquq-tartibot idoralari harakatlarining qonuniyligini tekshirish uchun tergov sudyasiga yana bir kecha-kunduz vaqt beriladi. Shu bilan birga, advokatlik sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarga nisbatan bunday istisno tartib tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, tintuv va olib qoʻyish harakatlari oʻtkazilayotganda fuqarolar hamda tashkilotlar tergovchilarga elektron qurilmalar va ularda saqlanayotgan, jinoyat ishiga aloqador boʻlgan axborotlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga majbur boʻladilar.

Shuningdek, tuzatishlar bilan qonunchilikda elektron yozishmalar, internet-trafik haqidagi maʼlumotlar, fotosuratlar, audio va videoyozuvlarni oʻz ichiga olgan raqamli dalillar tushunchasi mustahkamlanmoqda. Tergovchilar raqamli maʼlumotlar egalari zimmasiga ularning saqlanishini 90 kungacha muddatga taʼminlash boʻyicha majburiyat yuklashi va bu muddatni uzaytirishi mumkin.

Qonunning asosiy qoidalari olti oydan keyin kuchga kiradi.

Taʼkidlash joiz, Qirgʻiziston Konstitutsiyasining 29-moddasi fuqarolarga shaxsiy hayot daxlsizligi hamda yozishmalar, telefon soʻzlashuvlari va boshqa xabarlar siri saqlanishi huquqini kafolatlaydi. Bu huquqlarni cheklashga faqat sud qarori asosidagina yoʻl qoʻyiladi. Qoʻshimcha qilish kerak, qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi chogʻida telekommunikatsiya sohasi vakillari taklif etilayotgan meʼyorlar respublika Asosiy qonuni qoidalariga zid kelishi mumkinligini koʻrsatib oʻtgan edilar.