Tarozda (Qozog‘iston janubidagi shahar) Ikkinchi jahon urushi davrida halok bo‘lgan 72 nafar noma’lum askar dafn etilgan joydagi yodgorlik stelasini buzib tashlashda gumon qilinganlar aniqlandi. Ular shahardagi maktablardan birining yettinchi sinfida o‘qiydigan uch nafar o‘quvchi bo‘lib chiqdi, deb xabar beradi Jambil viloyati politsiya departamenti.
Voyaga yetmaganlar profilaktik hisobga qo‘yilgan. Ularning ota-onalari esa bola tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklari uchun javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, politsiya ta’lim boshqarmasi hamda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaga huquqbuzarlik sodir etilishiga imkon bergan sabab va sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritdi. Tergov davom etmoqda, yuz bergan holatning barcha tafsilotlariga huquqiy baho beriladi.
Taroz shahar qabristonidagi Qizil armiyaning 72 nafar noma’lum jangchisi dafn etilgan gospital birodarlik qabri tepasidagi stela vayron qilingani haqida 18 noyabr kuni ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Rossiyaning Olmaotadagi Bosh konsulligi xabar berib, Qozog‘iston hukumatini tergov o‘tkazishga va aybdorlarni aniqlashga chaqirdi. RFning Qozog‘istondagi elchixonasi esa yuz bergan hodisani «siyosiy ekstremistik aksiya» deb atadi.
19 noyabr kuni Jambil viloyati politsiya departamenti vandalizm holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. O‘sha kuni Qozog‘iston TIVning Olmaotadagi vakolatxonasi mamlakatda bunday harakatlar keskin qoralanishini va aybdorlar javobgarlikka tortilishini bildirdi.
Yodgorlik majmuasi Ikkinchi jahon urushi yillarida Jambuldagi evakuatsiya gospitallarida olgan jarohatlari tufayli vafot etgan sovet askarlari xotirasiga bag‘ishlangan. Majmua Rossiya tomonidan Jambil viloyati va Taroz shahri rahbariyati ko‘magida moliyalashtirilgan keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng 15 oktyabrda ochilgan edi.
Yodgorlik vayron qilinganidan bir necha kun o‘tib, mahalliy hukumat uni to‘liq tikladi va himoya ostiga oldi. Keyinchalik memorial hududiga videokuzatuv kameralari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bu kabi holatlar Qozog‘istonda avval ham yuz bergan. 2024 yilning bahorida politsiyachilar mast holatda Shon-shuhrat obeliskidagi Mangu olov yulduzini sindirib tashlagan Pavlodar fuqarosini ushlagan edi. Yodgorlik bir sutka ichida qayta tiklangan.
O‘sha yilning kuzida politsiya Zerenda qishlog‘ida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yodgorligini haqoratlagan vandalni topdi.



