O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar beradi davlat raxbari matbuot xizmati.
Taqdimotda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilganidan beri erishgan yutuqlari, shuningdek, tadqiqot va nashriyot faoliyatini rivojlantirish, madaniy merosni qaytarish, muzey va kutubxona kollektsiyalarini raqamlashtirish va Markazni xalqaro miqyosda targ'ib qilish rejalari haqida so'zlab berdi.
Markaz joriy yilning 17 mart kuni muhtasham binoda rasman ish boshladi. 1 iyunь holatiga ko'ra, markazga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar kelgan. Kunlik tashriflar soni o'rtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan.
Majmua tarkibida Bolalar muzeyi tashkil etildi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyining faoliyati yo'lga qo'yildi. Binoda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylashtirildi. Bundan tashqari, gid-ekskursovodlar va nazoratchilar xizmati tashkil qilindi.
Taqdimotga ko'ra, ilmiy va innovatsion sohalarda 810 ta loyiha amalga oshirilgan bo'lib, ularda taxminan 2000 nafar mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Markaz muntazam ravishda konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, mahorat darslari va kitob taqdimotlarini o'tkazadi. Ushbu tadbirlarda 5000 dan ortiq kishi ishtirok etgan.
Madaniy merosni qaytarish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekistonga 1000 dan ortiq artefaktlar qaytarildi. Markaz kutubxona fondida 3000 dan ortiq noyob nashrlar mavjud bo'lib, 762 tasi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo'ljallangan.
Muassasa faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar ham keng joriy etilmoqda. Mehmonlar uchun robot-gidlar xarid qilindi, mulьtimedia va interfaol qurilmalar ekspozitsiyalarga joylashtirildi.
Markazni yanada rivojlantirish doirasida uning ilmiy jurnalini xalqaro Scopus va Web of Science bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish, qo'lyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, diniy-ma'rifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun «Islom ma'rifati» stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, diniy-ma'rifiy soha vakillari, jumladan, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish ko'zda tutilmoqda.
Madaniy merosni qaytarish bo'yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko'rib chiqildi. Mazkur yo'nalishda jahon auktsionlari, muzeylar, xususiy kollektsiyalar va xalqaro san'at bozorlarida O'zbekistonga mansub nodir artefaktlarni izlash, aniqlash, ilmiy o'rganish, ekspertizadan o'tkazish, muzokaralar olib borish va ularni Vatanga qaytarish bo'yicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, dunyo bo'ylab O'zbekiston madaniy merosini doimiy monitoring qilish, madaniy meros ob'ektlarining yagona raqamli ma'lumotlar bazasi va xalqaro reyestrini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda ta'kidlanishicha, Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
O'zbekiston madaniy merosiga oid kollektsiyalarni aniqlash va o'rganish bo'yicha ishlar, jumladan, Xitoy, AQSh, Germaniya, Frantsiya va Buyuk Britaniyada davom etadi.
Markazning xalqaro miqyosda targ'iboti alohida e'tiborga loyiq. Rejalarda «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag'rikenglik va ilm-ma'rifat yo'li» mavzusida I xalqaro Islom forumini o'tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, BMTning Nьyu-York va Jenevadagi tuzilmalari hamda UNESCOning Parijdagi qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy merosiga bag'ishlangan maxsus taqdimotlar o'tkazish ham ko'zda tutilmoqda.
Shuningdek, Markaz taqdimotlarini 55 ta davlatda tashkil etish, “Islomda ayollarning o'rni” mavzusida xalqaro konferentsiya va ko'rgazma o'tkazish, Oksford islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan qo'shma ilmiy-ma'rifiy loyihalarni amalga oshirishga ko'rsatma berildi.
Xorijiy jurnalistlar va xalqaro media tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida press-turlar, xalqaro media klublar va media anjumanlar tashkil etiladi. Markaz brendini global miqyosda mustahkamlash uchun fotoko'rgazmalar, tematik taqdimotlar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda davra suhbatlari o'tkaziladi.
Shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga keluvchi ziyoratchi va sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tashriflarni tartibli va mazmunli tashkil etish, ularga axborot va gid xizmatlarini ko'rsatishni takomillashtirish masalalari ko'rib chiqildi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari Markazga o'z faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va nashriyot ishlarini kengaytirish, madaniy merosni qaytarishning doimiy mexanizmini yaratish, muzey kollektsiyalarini kengaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va xalqaro ommaviy axborot vositalarida targ'ibotni yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to'rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o'rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur'on zali, 460 o'rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo'lib, ko'rgazmalar O'zbekistonning islomgacha bo'lgan davrdan to hozirgi kungacha bo'lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o'rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko'zda tutilgan.



