Davlat qo'riqlash xizmatiga (DQX) aksilterror operatsiyasi zonalarida ogohlantirishsiz qurol va harbiy texnikadan foydalanishga ruxsat beriladi. Tegishli o'zgartirishlarni Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart To'qayev imzoladi, deb xabar beradi Oqo'rda matbuot xizmati.
Hujjat «Qozog'iston Respublikasi Davlat qo'riqlash xizmati to'g'risida»gi qonunga o'zgartirish kiritadi va ushbu maxsus davlat idorasi vakolatlarini kengaytiradi. Xususan, jangovar qurollardan foydalanish asoslari ro'yxati kengaytirilgan. DQX xodimlari endi ulardan qurol, o'q-dori, portlovchi moddalar, kuchli kimyoviy va zaharli moddalarni noqonuniy saqlagan yoki olib yurgan shaxslarni qurolsizlantirish uchun foydalanishlari mumkin bo'ladi.
Bundan tashqari, ilgari DQX jangovar qurollardan faqat qo'riqlanadigan ob'ektlar va transport vositalariga qilingan hujumlarni qaytarish uchun foydalanishi mumkin bo'lgan bo'lsa, endi qonun ularga qo'riqlanadigan transport vositalari ishg'ol qilinganda, ularni ozod qilish huquqini beradi.
Tuzatishlar, shuningdek, davlat qo'riqlash xodimlariga zarur qurol yoki maxsus jihozlar bo'lmasa, o'zlarini himoya qilish yoki jinoyatchini hibsga olish uchun qo'lbola vositalardan foydalanishga imkon beradi.
Bundan tashqari, qonunda xizmat jonivorlaridan foydalanish to'g'risidagi qoidalar kiritiladi. Bularga «himoya ostidagi shaxslar va ob'ektlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va bostirish, jinoyatchilarni aniqlash, hushyor turish, transport vositalarini tekshirish, joyni o'rganish va qoidabuzarlarga jismoniy, psixologik yoki cheklovchi ta'sir ko'rsatish, shuningdek, boshqa rasmiy vazifalarni bajarish uchun» foydalaniladigan itlar va otlar kiradi.
Qozog'iston prezidenti Davlat qo'riqlash xizmati vakolatlarini so'nggi bir yil ichida ikkinchi bor kengaytirmoqda. Avvalroq, 2025 yil sentabrida u ushbu organga milliy xavfsizlik sohasida yangi funktsiyalarni bergan edi. Xususan, tashkilot inqirozli vaziyatlarda boshqa xavfsizlik idoralari bilan harakatlarni muvofiqlashtirish, safarbarlikka tayyorgarlik tadbirlarida ishtirok etish va yuqori lavozimli davlat amaldorlari xavfsizligi va strategik ob'ektlar himoyasini ta'minlash choralarini kuchaytirish vakolatiga ega bo'ldi.



