Dushanbe xalqaro aeroportining sobiq bosh direktori Ismatullo Abdullozoda qariyb 1 milliard somoni (108 million dollar) mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblangan bo‘lib, u yetkazilgan zararni to‘liq qopladi hamda 165 ming somoni (taxminan 18 ming dollar) miqdorida jarima to‘ladi. Bu haqda 21 iyul kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tojikiston Oliy sudi raisi Rustam Mirzozoda ma’lum qildi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus» nashri.
Abdullozoda hozir ozodlikda. Unga to‘rt yil davomida rahbarlik lavozimlarida ishlash taqiqlangan.
2016 yildan buyon aeroport bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Abdullozoda 2025 yil may oyida qo‘l ostidagi xodimlari bilan birga qo‘lga olingan. Jinoyat ishi bo‘yicha jami 22 nafar shaxs ayblanuvchi sifatida jalb etilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar bir kunlik firmalardan foydalanib, tovar va materiallar xaridi niqobi ostida aeroportning 1,245 milliard somoni (taxminan 133 million dollar) mablag‘ini noqonuniy ravishda chetga chiqarib, o‘zlashtirishgan. Sobiq direktor shaxsan yetkazgan zarar miqdori 961 million somoni deb baholangan bo‘lib, u ushbu mablag‘ni to‘liq qoplagan.
Abdullozoda qo‘lga olinganidan to‘rt oy o‘tib, u va aeroportning yana besh nafar sobiq xodimi mamlakatni tark etmaslik haqida tilxat asosida ozodlikka chiqarildi. Joriy yil iyun oyi boshida ushbu besh nafar sobiq xodimga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Ular yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirish va talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish, shuningdek, hujjatlar hamda davlat mukofotlarini noqonuniy ravishda boshqa shaxslarga berishda aybdor deb topildi. Ular Tojikiston davlat budjetiga jarima sifatida jami 798 ming somoni (taxminan 86 ming dollar) to‘ladi va ozodlikda qoldirildi.



