Qirg‘iziston Soliq xizmati tikuvchilar va marketpleyslardagi sotuvchilar uchun soliqni nolga tushirishni taklif qildi

DCXning tadbirkorlar bilan uchrashuvi. report.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati (DCX) tikuvchilik sohasidagi korxonalar va marketpleyslar orqali tovar sotuvchi tadbirkorlarni yagona soliq to‘lashdan vaqtincha ozod qilishni taklif qildi. Nollik stavka 1 avgustdan 2026 yil oxirigacha joriy etilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi Economist.kg nashri.

Bu tashabbus haqida DCX raisi o‘rinbosari Kubanichbek Isabekov tadbirkorlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Hozirda tikuvchilik korxonalari uchun yagona soliq stavkasi tushumning 0,25 foizini, elektron savdo maydonchalari orqali ishlovchi sotuvchilar uchun esa 2 foizni tashkil qiladi. Taklifga ko‘ra, har ikki stavka ham nolga tushiriladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, soliq imtiyozi mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va Qirg‘iziston biznesining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Shuningdek, hukumat nollik stavka xalqaro marketpleyslarda ishlaydigan xorijiy tadbirkorlarni mamlakatga jalb qilishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.

Bu choralar Qirg‘izistonlik sotuvchilar Rossiyaning Elektrostal va Kotovsk shaharlaridagi Wildberries logistika markazlarida sodir bo‘lgan yong‘inlardan keyin ko‘rgan zararlari fonida muhokama qilinmoqda. Ushbu omborlarda, jumladan, Qirg‘iziston tikuvchilik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar saqlangan. Yetkazilgan zarar miqdori hozircha hisoblab chiqilmoqda.

Davlat soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Wildberries va boshqa marketpleyslar orqali Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan taxminan 30 mingta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Idora vaziyatni yil oxirigacha kuzatib boradi, shundan so‘ng sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha qarorlar qabul qilinishi mumkin.

18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Moskva viloyatining Elektrostal shahri va Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi Wildberries logistika markazlariga hujum qildi. Kotovskda yetti kishi halok bo‘ldi, 24 kishi jarohat oldi. Elektrostalda bir xodim vafot etdi, yana 50 dan ortiq kishi jabrlandi. Baho berishlarga ko‘ra, dron hujumi marketpleysning barcha logistika quvvatlarining taxminan 7 foizini ishdan chiqargan. Jabrlanganlar orasida Qirg‘iziston fuqarolari ham bor. Halok bo‘lganlardan biri Tojikiston fuqarosi bo‘lgan.

Wildberries omborlariga hujumlar davom etmoqda.

☝️ Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy omborlar dronlar ishlab chiqarish uchun sanksiya ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berishda foydalanilganini aytdi. Wildberries kompaniyasi esa bu ma’lumotni rad etmoqda.

Kompaniya evakuatsiya vaqtida aloqasi uzilgan xodimlarning yaqinlari uchun ishonch telefoni ochdi — xodimlarning bir qismi kiyinish xonalarida yonib ketgan telefon va hujjatlarsiz qolgan, deb xabar beradi «Kommersant’».

Kompaniya rahbari Tatyana Kim halok bo‘lganlar oilalariga 2 million rubldan, og‘ir jarohat olganlarga esa 1 million rubldan to‘lov qilishni va’da qildi. Shuningdek, tovarlari yong‘inda nobud bo‘lgan sotuvchilarga kompensatsiya to‘lash masalasini ishlab chiqishini bildirdi. «Vedomosti» keltirgan bozor ishtirokchilari bahosiga ko‘ra, umumiy zarar o‘nlab milliard rublga yetishi mumkin.