Markaziy Osiyoning toʻrt davlati yagona elektr energiyasi bozorini tashkil etadi

«Energiya» markazi. spot.uz saytidan olingan fotosurat

Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston elektr energiyasi savdosi uchun yagona maydonchani ishga tushirishga hozirlik koʻrmoqda. Yangi mintaqaviy bozordagi dastlabki bitimlar 2028 yil oxiri — 2029 yil boshida amalga oshirilishi mumkin, deb xabar bermoqda Qozogʻistonning elektr tarmoqlarini boshqarish boʻyicha KEGOC kompaniyasi.

Toshkentda joylashgan «Energiya» muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi savdo qoidalarini ishlab chiquvchi, elektron platforma, narxlarni shakllantirish va ishtirokchilar oʻrtasidagi hisob-kitoblar tizimini yaratuvchi kompaniyani aniqlash uchun xalqaro tender eʼlon qildi. Arizalar joriy yilning 30 noyabrigacha qabul qilinadi.

Yangi bozor «bir sutka oldin» tamoyili asosida ishlaydi. Bu energetika kompaniyalariga elektr energiyasini keyingi kunning muayyan soatlarida yetkazib berish sharti bilan oldindan sotib olish va sotish boʻyicha kelishib olish imkonini beradi. Masalan, elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelganda, Qirgʻiziston uni boʻsh quvvatlarga ega qoʻshni davlatdan xarid qila oladi. Oʻz navbatida, ortiqcha hajm mavjud boʻlganda, Bishkek uni bozorning boshqa ishtirokchilariga taklif etishi mumkin.

Narxlar xaridor va sotuvchilarning talabnomalari asosida, talab, taklif hamda davlatlararo elektr uzatish tarmoqlarining oʻtkazish qobiliyati inobatga olingan holda shakllanadi. Dastlabki bosqichda hisob-kitoblarni AQSH dollarida amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga, elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha amaldagi ikki tomonlama bitimlar oʻz kuchida qoladi, yangi savdo maydonchasi esa resurslar almashinuvining qoʻshimcha mexanizmiga aylanadi.

Tizimni ishlab chiqish va joriy etishni dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 2027 yil may oyida boshlash rejalashtirilgan. Ushbu ishlarga 18 oy ajratiladi, shundan soʻng tanlangan kompaniya yana ikki yil davomida bozor faoliyatini taʼminlab turishi lozim. Kelgusida davlatlar uni boshqarishning doimiy modelini belgilab oladi.

Dastlab savdolarda milliy energetika kompaniyalari, yagona elektr xarid qiluvchilari va tizim operatorlari ishtirok etishi mumkin boʻladi. Har bir davlat ishtirokchilar doirasini mustaqil ravishda belgilaydi. Sezilarli darajadagi elektr ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʻlgan Turkmaniston birinchi bosqichda loyihaga qoʻshilmaydi.

Yagona bozorni yaratish Jahon banki koʻmagida REMIT oʻn yillik dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. 2026 yil yanvarida «Fargʻona» nashri xalqaro moliyaviy tashkilot Markaziy Osiyo energetika tizimlarini integratsiya qilish uchun qariyb $1,018 mlrd, shu jumladan, birinchi bosqichda $143,2 mln ajratishga rozi boʻlgani haqida yozgan edi. Bank baholashicha, chegaralararo savdo mintaqadagi umumiy elektr talabining atigi 3 foizini taʼminlaydi, holbuki Qirgʻiziston va Tojikistonning gidroenergetika salohiyati Qozogʻiston hamda Oʻzbekistonning issiqlik generatsiyasini yaxshi toʻldiradi. Dastur mintaqaviy savdoni yiliga 15 mlrd kilovatt-soatgacha oshirishni va davlatlararo elektr tarmoqlarining oʻtkazish qobiliyatini 16 gigavattgacha kengaytirishni nazarda tutadi.

Qayd etish joiz, mintaqada bir vaqtning oʻzida Qirgʻiziston va Tojikistondan Afgʻoniston hamda Pokistonga ortiqcha elektr energiyasini eksport qilishni nazarda tutuvchi, qiymati $1,2 mlrdlik CASA-1000 energetika loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Bunda yetkazib berish hajmini yiliga 4,6 mlrd kilovatt-soat darajasida taʼminlash rejalashtirilgan. Qirgʻiziston, Tojikiston va Pokistondagi inshootlar qurilishi asosan yakunlangan, biroq Afgʻonistonda 2027 yil oxirigacha qurib bitkazilishi kerak boʻlgan elektr uzatish liniyasi qismi foydalanishga topshirilmagani sababli loyihaning ishga tushirilishi kechikmoqda.