Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Olmaota viloyatining Aqtas posyolkasida joylashgan Kuchaytirilgan kuzatuvga ega ixtisoslashtirilgan Respublika ruhiy kasalliklar shifoxonasida bemorlar huquqlari buzilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng kompleks tekshiruv o‘tkazadi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tegishli topshiriqni Sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova bergan.
«So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bemorlarni saqlash sharoitlari yuzasidan shikoyatlar aks etgan materiallar e’lon qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir bunday murojaatda keltirilgan faktlarni har tomonlama va xolis o‘rganish uchun asos sifatida ko‘rib chiqadi», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Tekshiruvni Tibbiy va farmatsevtika nazorati qo‘mitasi o‘tkazadi. Qo‘mita tibbiy hujjatlar, davolash jarayonining tashkil etilishi, bemorlarni saqlash sharoitlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari, shuningdek, majburiy davolanishda bo‘lgan fuqarolar huquqlariga rioya etilishini o‘rganadi. Tekshiruvga prokuratura va Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) ham jalb etiladi. Agar qonunbuzilishlar aniqlansa, aybdorlar javobgarlikka tortilishi va’da qilingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’kidlashicha, Aqtasdagi shifoxona mamlakatdagi shu turdagi yagona ixtisoslashtirilgan muassasa hisoblanadi. Bu yerda sud qarori bilan tibbiy tusdagi majburiy choralar belgilangan bemorlar davolanadi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bemorlarning 80 foizdan ortig‘i shaxsga qarshi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan. Shu bois muassasada xavfsizlikning kuchaytirilgan choralarini nazarda tutuvchi maxsus davolash-qo‘riqlash tartibi amal qiladi.
Yaqinda Orda.kz tahririyati respublika ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlash sharoitlarining og‘irligi, majburiy mehnat, jismoniy zo‘ravonlik va dori vositalari orqali jazolash holatlari, sifatsiz ovqatlantirish hamda bemorlar huquqlari buzilishi mumkinligi haqidagi shikoyatlar yuzasidan material e’lon qilgan edi.
Shifoxonaning sobiq bemori Samat Satarovning aytishicha, u 2022 yildan 2026 yil fevraligacha ushbu muassasada bo‘lgan va bu vaqt ichida shifoxona ichida sodir bo‘layotgan holatlarni yashirincha videoga olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar xo‘jalik ishlarini bajarishga majburlangan, rad etganlarga esa karavotga mahkamlab qo‘yish va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qo‘llash orqali jazo berilgan. Shuningdek, u ayrim bemorlar shifoxonada o‘nlab yillar davomida saqlanayotgani, saqlash sharoitlari esa faqat tekshiruvchilar tashrifi oldidan keskin yaxshilanganini ta’kidladi.
Boshqa jabrlanganlar esa bemorlarni sil kasalliklari bo‘limiga noqonuniy joylashtirish, ularning ijtimoiy to‘lovlarini o‘zlashtirish, shuningdek, ayrim bemorlarning vafoti haqida ma’lumotlar borligini bildirgan. Murojaat mualliflari, shuningdek, ayrim bemorlarni o‘z joniga qasd qilishgacha olib kelgan holatlar yuz bergan bo‘lishi mumkinligini ham iddao qilishgan. Hozircha ushbu da’volar rasman tasdiqlangan emas.



