30 iyul kuni kechasi Marshall orollari bayrog‘i ostida harakatlanayotgan NISSOS SIFNOS tankeri Kaspiy quvur konsorsiumining (KQK) dengiz terminalida yuklash ishlarini amalga oshirayotgan vaqtda dronlar hujumiga uchradi. Bu haqda KQK matbuot xizmati xabar berdi.
Kema «Tengizshevroyl» kompaniyasi neftini tashiyotgan bo‘lgan. Konsorsium ma’lumotlariga ko‘ra, hujum Moskva vaqti bilan soat 01:48 da sodir bo‘lgan. Dron zarbasi natijasida yuk palubasida, neft qabul qilish manifoldlari joylashgan hududda yong‘in chiqqan. Yong‘in kema ekipaji tomonidan KQKning uchta yordamchi kemasi ko‘magida bartaraf etilgan.
Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan. Neft to‘kilishining oldi olingan, tibbiy yordam ko‘rsatish va ekipajni evakuatsiya qilishga ehtiyoj bo‘lmagan. Tanker o‘z suzish qobiliyatini saqlab qolgan, hozirda yetkazilgan zarar baholanmoqda.
Neft yuklash ishlari vaqtincha to‘xtatilgan, biroq neft quvuri obyektlari shtat rejimida ishlashda davom etmoqda.
Shuningdek, KQK ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni Dengiz terminalidan olti dengiz mili masofada neft qabul qilish uchun terminal tomon harakatlanayotgan Men oroli bayrog‘i ostidagi MARATHI tankeri ham hujumga uchragan.
Konsorsium ta’kidlashicha, hujumlar Qozog‘iston va KQKning boshqa xorijiy aksiyadorlari, jumladan, AQSH Davlat departamenti orqali xalqaro energetika infratuzilmasi obyektlariga kuch ishlatish yo‘li bilan ta’sir o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi chaqiriqlariga qaramasdan sodir bo‘lgan.
KTK aksiyadorlari tarkibiga Rossiya (31%), Qozog‘iston (20,75%), AQSHning Chevron kompaniyasi (15%) va bir qator xususiy kompaniyalar kiradi. Kaspiy quvur konsorsiumi Qozog‘iston nefti eksportining 80 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi. Quvur orqali mamlakatning eng yirik — Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoq konlaridan olinayotgan xom ashyo tashiladi. So‘nggi vaqtlarda konsorsium ishtirokchilariga tegishli neft tashuvchi tankerlar muntazam ravishda dronlar hujumiga uchramoqda. Avvalgi zarbadan keyin KQK neft yuklash ishlarini deyarli bir hafta — 21 iyuldan 27 iyulga qadar to‘xtatishga majbur bo‘lgandi. Bu holat Qozog‘istonda neft va gaz kondensati qazib chiqarish hajmini qisqarishiga, shuningdek, davlat budjeti neft daromadlarining kamayishiga olib keldi.



