Afg‘onistonda hokimiyatni egallab turgan «Tolibon» harakati qurolli muxolifat faoliyati keskin kuchaygani ortidan Badaxshon viloyatida keng ko‘lamli harbiy operatsiya tayyorlamoqda. Bu haqda Afghanistan International viloyatdagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Zebak tumaniga qo‘shimcha kuchlar joylashtirilgan. Shuningdek, u yerda «Tolibon»ning yuqori lavozimli qo‘mondonlari — Hilmand viloyati gubernatori Amanuddin Mansur va harakat bosh shtabi rahbari Qori Fasihuddin Fitrat ham bor. Viloyatning bir nechta hududlarida, jumladan, Yaftal tumanida yangi nazorat-o‘tkazish punktlari o‘rnatilgan, tungi patrullar va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Manbalar vaziyatni «beqaror» deb baholashmoqda.
Bunga sabab Badaxshon viloyatidagi «Tolibon»ning axborot va madaniyat boshqarmasi rahbari, gubernator Mansurning jiyani Zabixulla Amirining o‘ldirilishi bo‘ldi. 28 iyul kuni ikki nafar qurollangan shaxs mototsiklda Bahorak — Fayzobod yo‘lida uning mashinasiga qarata o‘q uzgan. Hujum qilganlardan biri qo‘riqchilar tomonidan o‘ldirilgan, ikkinchisi esa qo‘lga olingan.
Toliblarning aybdorlarni tezda aniqlay olmagani harakat rahbariyatida xavotir uyg‘otgan. Vaziyatni Afg‘onistondagi «Islom davlati» — Xuroson viloyati (ISHID-Xuroson) bo‘limi bayonoti yanada murakkablashtirgan. Guruh Amirining o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, «Tolibon» qo‘mondonini o‘z jangarilari avtomatlardan o‘q uzib o‘ldirganini ma’lum qilgan.
23 iyuldan beri Zebak tumanida «Tolibon» va Afg‘oniston Ozodlik Fronti (AOF) o‘rtasida janglar davom etmoqda. Bu guruh «respublikachi» qurolli muxolifatining ikki asosiy harakatidan biri bo‘lib, unga Afg‘oniston armiyasi sobiq bosh shtabi rahbari general Yosin Ziyo boshchilik qiladi.
Front ma’lum qilishicha, uning kuchlari 20 dan ortiq «Tolibon» a’zosini yo‘q qilgan, Zebakda chegara batalyoni ustidan nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallagan va toliblarning ikki dronini yo‘q qilgan.
Shu bilan birga, Badaxshon viloyatida Ahmad Mas’ud boshchiligidagi «Milliy qarshilik fronti» (MQF) ham faoliyat yuritmoqda. U 10, 27 va 29 iyul kunlari Rog‘ hamda Ko‘ron-va-Munjon tumanlarida «Tolibon» postlariga hujumlar uyushtirilganini ma’lum qildi. Frontning ta’kidlashicha, so‘nggi holatda «mahalliy bo‘lmagan», ya’ni boshqa viloyatlardan olib kelingan va Darvoz aholisini bosish uchun yuborilgan «Tolibon» bo‘linmalari tarkibidagi ikki nafar jangari halok bo‘lgan, uch nafari yaralangan.
O‘zini ilk bor ma’lum qilgan yana bir guruh — respublika armiyasining sobiq maxsus kuchlari a’zosi, 25 yoshli Abdulqayyum Malang qo‘mondonligidagi «Sepahiyon-ye Mihan» («Vatan jangchilari») harakatidir. 17 iyul kuniga o‘tar kechasi uning jangarilari deyarli qarshiliksiz Yaftali-Payon tumani ma’muriyati, politsiya va razvedka binolarini egallab, bir necha soat davomida u yerda o‘z bayrog‘ini ko‘targan. Bu 2021 yildan so‘ng antitolib kuchlari tomonidan tuman markazining ilk bor egallanishi bo‘ldi.
Barcha voqealar ortida «Tolibon» rahbariyati va ta’sirli mahalliy qo‘mondon Jumaxon Foteh o‘rtasida bir necha oydan beri davom etayotgan ziddiyat turadi. «Tolibon» yetakchisi mulla Haybatulla Oxundzoda avval Fotehni Zabul viloyati gubernatori o‘rinbosari lavozimidan olgan va unga yangi vazifa bermagan, keyin esa amalda uni «isyonchi» deb e’lon qilgan. Nizo Badaxshondagi oltin konlari ustidan nazorat va Fotehga sodiq bo‘lgan qurolli kuchlarni qurolsizlantirish masalalari atrofida yuzaga kelgan.
Hozircha «Tolibon» rasmiy ravishda Badaxshondagi janglarni «targ‘ibot» deb atab, muxolifat guruhlari «faqat qog‘ozda mavjud» ekanini ta’kidlamoqda. Biroq amaldagi vaziyat — Zebakda qo‘shinlarning to‘planishi, yuqori lavozimli amaldorning o‘ldirilishi (u isyonchilar yoki ISHID-Xuroson tomonidan nishonga olingani noma’lum), isyonchi qo‘mondon bilan davom etayotgan muzokaralar va bir vaqtning o‘zida uchta turli qurolli guruh tomonidan sodir etilayotgan hujumlar — Tojikiston, Pokiston va Xitoy bilan chegaradosh ushbu viloyatda beqarorlik kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.



