Sankt-Peterburg «Islom davlati» (ISHID)* terrorchilik tashkilotiga yollashga urinishlar bo‘layotgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Migrantga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, unga bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Bu haqda TASS huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayanib xabar berdi.
Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi 1999 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Tergov davomida aniqlanishicha, o‘tgan yil kuzida u Telegram messenjeri orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan ISHID a’zosi bilan tanishgan. Shuningdek, migrant yarim yil davomida terrorchilik tashkiloti a’zosi bilan muntazam aloqada bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, yozishmalarda suhbatdosh Sankt-Peterburgda yashayotgan o‘zbekistonlikni «Islom davlati» (ISHID) terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishga va jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun Suriyaga borishga undagan. Ekstremistik guruh a’zosi, shuningdek, undan terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ o‘tkazishni ham so‘ragan.
O‘zbekistonlik yigit o‘zini yollashga urinish bo‘layotgani haqida politsiyaga xabar bermagani sababli, unga nisbatan RF Jinoyat kodeksining 205.6-moddasi («Jinoyat haqida xabar bermaslik») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.
Agar organ xodimlari migrant haqiqatan ham ISHIDga mablag‘ o‘tkazganini aniqlashsa, tergov jinoyat ishini terrorchilik tashkilotiga ko‘maklashish moddasi bo‘yicha qayta malakalashi mumkin. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bunday qilmish uchun 15 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.
*RF va ko‘pgina davlatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot



