Ruminiya Turkmanistonga Yevropaga gaz yetkazib berish bo‘yicha AGRI loyihasini qayta tiklashni taklif qildi

AGRI loyihasi. azernews.az sayti fotosurati

Ruminiya Turkmanistonga turkman gazini Yevropa bozoriga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish imkonini beradigan AGRI loyihasini qayta tiklashni taklif qilmoqda. Bu haqda Ruminiya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Mixay Daraban 2026 yil 29 iyul kuni Turkmaniston elchisi Annamammet Annayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi Orient.

Muzokaralar markazida energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollari hamda Konstansa va Turkmanboshi portlarining o‘zaro hamkorligi masalalari bo‘lgan. Daraban ta’kidlashicha, Turkmanistonda Kaspiy dengiziga chiqadigan gaz quvuri allaqachon qurilgan bo‘lib, bu loyihani amalga oshirish uchun texnik asos yaratadi.

«Konstansa porti Ozarbayjon va Gruziya transport infratuzilmasiga ulanish orqali, keyinchalik esa BRUA (Bolgariya–Ruminiya–Vengriya–Avstriya) gaz quvuri orqali Turkmaniston tabiiy gazining Yevropaga kirish nuqtasiga aylanishi mumkin», — deya Ruminiya Savdo-sanoat palatasi prezidenti so‘zlarini keltiradi Capital nashri.

Darabanning fikricha, bunday loyiha ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtiruvchi muhim omilga aylanishi mumkin. Uning amalga oshirilishi uchun ikki davlatning iqtisodiy sohalaridagi kompaniyalarni birlashtira oladigan biznes asosini shakllantirish zarur. Ruminiya Savdo-sanoat palatasi rahbari ta’kidlashicha, hozirgi Yevropa sharoitida energetika eng dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘z navbatida, Annamammet Annayev 2026 yilning birinchi yarmida Turkmaniston yalpi ichki mahsuloti 6,3 foizga o‘sganini, mamlakat esa tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallashini ma’lum qildi.

«Turkmaniston katta energetika resurslariga va barqaror o‘sayotgan iqtisodiyotga ega. Turkmanboshi va Konstansa portlari hamkorligi, shuningdek, Konstansa portida turkman tovarlari uchun hududiy taqsimlash markazini tashkil etish loyihasi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning strategik tayanchiga aylanishi mumkin», — dedi elchi.

Uchrashuv haqidagi xabarlarda loyihani amalga oshirish muddatlari, yetkazib berish hajmlari, qiymati yoki turkman gazini Ozarbayjon va Gruziya infratuzilmasiga uzatishning texnik tafsilotlari aniq ko‘rsatilmagan.

ℹ️ AGRI (Azerbaijan–Georgia–Romania Interconnector) loyihasi 2010-yillar boshida ishlab chiqilgan edi. Uning dastlabki variantiga ko‘ra, Ozarbayjondan quvurlar orqali tabiiy gaz Gruziyaga yetkazilishi, so‘ng Qora dengiz sohilidagi terminalda suyultirilishi va tankerlar orqali Konstansa portiga olib kelinishi rejalashtirilgan edi. Bu yerda yoqilg‘ini yana gaz holatiga keltirib, Ruminiya gaz tashish tarmog‘iga, keyin esa Vengriya va Yevropaning boshqa davlatlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Tashabbus ishtirokchilari sifatida Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi, Gruziya Neft-gaz korporatsiyasi, shuningdek, MVM (Vengriya) va Romgaz (Ruminiya) kompaniyalari qayd etilgan edi. 2011 yil fevral oyida tomonlar loyihani amalga oshirish uchun SC AGRI LNG Project Company SRL kompaniyasini tashkil qilgan. Loyihaning qiymati 1,2 milliard yevrodan 4,5 milliard yevrogacha baholangan, gaz yetkazib berish hajmi esa yiliga 2 milliarddan 8 milliard kub metrgacha bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Rossiyaning AGRI loyihasiga munosabati vazmin bo‘lgan. 2010 yil sentyabr oyida «Kommersant’» nashrining Rossiya hukumati va Tashqi ishlar vazirligidagi manbalari Moskva bu loyihadan «umuman xavotirda emasligi»ni bildirgandi. Asosiy dalil sifatida Ozarbayjonda ushbu yo‘nalish orqali eksport qilish uchun yetarli miqdorda erkin gaz hajmi mavjud emasligi keltirilgandi.

Manbalarga ko‘ra, Ozarbayjon gazining barcha erkin eksport hajmlarini o‘sha vaqtdayoq «Gazprom» sotib olgan, yangi konlar bo‘yicha prognozlar esa Rossiyada «asrning piar-kampaniyasi»dan boshqa narsa emas, deb baholangan. Bundan tashqari, AGRI Moskva uchun ancha yirik va noqulay bo‘lgan «Nabukko» (Nabucco) loyihasidan resurslarni chalg‘itayotgan edi. Ushbu loyiha Rossiyaning «Janubiy oqim» (South Stream) gaz quvuriga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi bo‘lishi kerak edi.

2023 yil yanvar oyida AGRI «ko‘plab siyosiy, iqtisodiy va texnik muammolar sabab muvaffaqiyatsizlikka uchragan» tashabbuslar qatorida qayd etilgan edi.